​“Qiltomoq" qanday kasallik?

Salomatlik 13.05.2021, 16:57
Teglar: Qiltomoq
​“Qiltomoq" qanday kasallik?

Xalq orasida “qiltomoq” bo`libdi” degan iborani ko`p eshitamiz, ammo doim ham bu qanday kasallik ekanini bilavermaymiz. Xo`sh, “qiltomoq” qanday kasallik?! Ushbu xastalikni oldini olishda nimalarga e`tibor qaratish lozim? SSV Matbuot xizmatining shu mavzudagi savollariga tibbiyot fanlari doktori Olimjon G`ulomov javob beradi.

— “Qiltomoq” yoxud qizilo`ngach o`smasi deb ataladigan ushbu kasallik asosan tomoqdagi noqulaylik, ovqatni chaynash va yutish paytidagi qiyinchiliklar orqali boshlanadi, — deydi Olimjon G`ulomov. 

— Kasallikning kelib chiqishiga asosan tanovul vaqtidagi noxush holatlar — qizilo`ngachning baliq qiltanoqlari, ovqatdagi mayda suyaklardan shikastlanish yoki kimyoviy kislotalar va ishqorlardan kuyishi sabab bo`ladi.

Shuningdek, ushbu xastalik miya qon-tomirlari jarohatlanishi, miya shikastlanishi, xavfli va xavsiz o`smalar, asab kasalliklari va boshqa omillar tufayli ham yuzaga kelishi mumkin.

Kasallik vaqti bemorda qanday salbiy o`zgarishlar kuzatiladi?

— Xastalikda qizilo`ngach devorlari shikastlanib, torayadi va bu holat ovqat yutishning qiyinlashishi (disfagiya)ga olib keladi. Bunda bemor dastlab quyuq, keyinchalik suyuq ovqatlarni yutolmay qoladi. To`sh orqasida, ba`zan ko`krak pasti va qorin sohasida turli og`riqlar kuzatiladi.

Qizilo`ngach teshigining torayishi vaqti ko`pincha ovqatni yutishdan ko`ra, taom o`tayotgandagi kuchli og`riq bemorga noqulaylik tug`diradi. Bunday vaqtda suyuq ovqatlar, bo`tqalarni tanovul qilish qiyin bo`lmasligi mumkin, ammo quyuq ovqatlarni eyayotganda odam suyuqlik ichishga majbur bo`ladi. Agar yutish buzilishi bemorning hayotiga xavf tug`dirsa, shifokor tomonidan bemorni maxsus naycha orqali ovqatlantirish buyuriladi.

Disfagiya belgilari kuzatilganda, bemor qanday taomlanishi lozim?

— Avvalo ovqatni oz-ozdan, bo`lib-bo`lib eyishga odatlanishi kerak. Buning uchun kuniga 4-5 mahal taomlanishi maqsadga muvofiq. Dasturxon oldida imkon boricha gapirmaslik, taomlanayotganda shoshilmaslik lozim.

Aks holda qizilo`ngachga havo ketib, ovqat o`tishi yanada qiyinlashishi, bu esa bemorga ortiqcha noqulaylik tug`dirishi mumkin. Bundan tashqari, ovqatdan so`ng darhol uxlashga yotib olmaslik zarur. Chunki bu ham disfagiyaga sabab bo`ladi.

— Qizilo`ngach faoliyatining buzilishiga yana qanday omillar sabab bo`ladi?

— Qizilo`ngach sohasidagi aksariyat og`ir xastaliklar shilliq qavatning shikastlanishi tufayli kelib chiqadi. Ba`zan shoshib ovqatlanish yoki quruq eguliklarni yaxshi chaynamasdan yutish ham qizilo`ngachning ichki nozik shilliq qavatlarini shikastlantirishi mumkin. Buning natijasida shilliq qavatda turli o`smalar paydo bo`ladi.

Qizilo`ngach saratonining dastlabki bosqichlari ko`pincha alomatlarsiz o`tadi. Kasallik faqat ovqatni yutish qiyinlashgandagina o`zini namoyon qiladi. Bu holat esa qizilo`ngachning ichkarida o`sayotgan o`simta bilan to`sib qo`yilganda yuzaga keladi. Xususan, kichik shish paydo bo`lishi devorning spazmiga va natijada ovqatning siqilishga olib kelishi mumkin.

Aslida qizilo`ngach o`smalari ikki xil bo`lib, xavfli va xavfsiz turlarga ajraladi. Xavfsiz o`sma hujayralari tananing boshqa a`zolariga tarqalmaydi. Masalan, fibroma, gemangioma, neyrofibroma, leymiomalar asosan erkaklarda uchraydi. Xavfli o`sma esa xavfsiziga qaraganda tezroq va betartib rivojlanadi. Keyinchalik esa yon-atrofdagi to`qimalarga kirib borib, ularni zararlaydi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1