1

Turkiyaning O`zbekistondagi elchisi Iyd Ramazon hayiti munosabati bilan o`zbek xalqini tabrikladi

Jamiyat 13.05.2021, 18:29
Teglar: Iyd Ramazon hayiti
Turkiyaning O`zbekistondagi elchisi Iyd Ramazon hayiti munosabati bilan o`zbek xalqini tabrikladi

Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar o`zbek xalqini Iyd Ramazon hayiti bilan tabrikladi.

«O`zbekistondagi qadrli birodarlarim, Barokat va mag`firat oyi bo`lgan muborak Ramazon-i sharifning ruhimizni va vujudimizni poklovchi ma`naviy kuchidan to`liq bahramand bo`lgan holda, yana bir Ramazon bayramiga etishish baxtiga muyassar bo`lib turibmiz.

Mushtarak tamaddunimiz suv ichgan ilmu irfon ummoni bo`lgan qadim Movarounnahr diyorida Turkiya Respublikasining elchisi sifatida siz aziz birodarlarim bilan o`tkazgan bu ilk Ramazon bayramim men uchun alohida ahamiyatga ega.

Butun dunyoni o`z zabtiga olgan COVID-19 pandemiyasi sababli keyingi ikki yil davomida Ramazon oyini va bayramlarimizni avvalgidek katta tantana bilan nishonlamayotgan bo`lsak-da, bu bayram hamisha bo`lganidek xonadonlarimizga baxt, birlik-hamjihatlik tuyg`usi bergan quvonch va baraka olib kirmoqda; qalblarda butun qiyinchiliklarni unuttiradigan bir iliqlik, yuzlarda bayram shukuhi va tabassumini aks ettirmoqda.

Biz Otayurtimiz bo`lgan shu qadim zamin O`zbekistonda xotirjamlik va baxt tuyg`ulari ichra bayramimizni nishonlayotgan bir paytda, dunyoning turli burchaklarida jumladan, Falastinda ma`sum bolalar va begunoh tinch aholi zo`ravonlik qurboni bo`lmoqda. Kuni kecha Falastinda yuz bergan fojea bayramni ko`nglimizda og`riq bilan o`tkazishimizga sabab bo`lmoqda. Ramazon bayramining insonlarni birlashtiruvchi va poklovchi kuchi butun Islom olamining va insoniyatning boshiga tushayotgan zulmlarga va talofatlarga barham berishini tilab qolaman.

Shuningdek, dunyo bashariyatining yaqin kelajakda COVID-19 pandemiyasiga qarshi birgalikda zafar qozonib, bundan keyingi bayramlarning barchamizga sog`lik-salomatlık, baxt-saodat va tinchlik-xotirjamlik baxsh etishini tilayman.

Mana shu fayzli may kunlarida zaminidan baraka ufurib turgan Otayurtimiz O`zbekistondagi butun qardoshlarimga bayramni shukuh bilan o`tkazishlarini tilagan holda, barchangizni Ramazon bayrami bilan tabriklayman.

Iyd-i Ramazon muborak bo`lsin !..», - deydi Olgan Bekar o`z tabrigida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1