O`zbekiston xalq artisti, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi Bahodir Yo`ldoshev 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar qildi.
Bahodir Yo`ldoshev 1945 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo`rg`on shahrida san`atkorlar oilasida tug`ilgan. 1970 yilda Toshkent teatr va rassomlik institutini tugatgan. 1971–1974 yillarda Hamza nomidagi O`zbek akademik drama teatrida rejissyor, 1974–1984 yillarda bosh rejissyor bo`lib ishlagan.
Ko`plab spektakllarga rejissyorlik qilgan Bahodir Yo`ldoshev aktyor sifatida Olchinbek ("Olovli yo`llar"), Muxtorov ("Tog`dagi uchrashuv"), Sherzod ("Olmos kamar"), Sobirov («Oshpaz») kabi obrazlarni yaratgan.