1

O`zbekiston Prezidenti va hukumat a`zolari Bahodir Yo`ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Jamiyat 17.05.2021, 09:25
O`zbekiston Prezidenti va hukumat a`zolari Bahodir Yo`ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Mamlakatimiz san`ati va madaniyati og`ir judolikka uchradi. Milliy teatr san`atimiz va madaniyatimiz rivojiga beqiyos hissa qo`shgan buyuk va betakror iste`dod sohibi, atoqlirejissyor, ustoz san`atkor, O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi, Xalq artisti Bahodir Tursunovich Yo`ldoshev shu yil 16 may kuni 76 yoshida vafot etdi.

​B.Yo`ldoshev 1945 yil 7 sentyabrda Samarqand viloyatining Kattaqo`rg`on shahrida san`atkorlar oilasida tug`ildi. O`rta maktabni tugatganidan so`ng Toshkent teatr va rassomchilik institutida rejissyorlik mutaxassisligi bo`yicha tahsil oldi.

​Mehnat faoliyatini O`zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatri) artisti lavozimida boshladi. O`zining shonli an`analariga ega bo`lgan mazkur ijodiy dargohda tez orada o`ziga xos yorqin uslubi va ijodiy prinsiplariga ega bo`lgan mohir rejissyor sifatida shakllandi. Yigirma etti yoshida ushbu nufuzli teatrga bosh rejissyor va badiiy rahbar etib tayinlandi. O`n uch yil davomida jamoada ishchan ijodiy muhit yaratish, teatr repertuarini zamonaviy hamda mumtoz milliy va xorijiy asarlar bilan boyitish, iqtidorli iste`dod egalarini tarbiyalashga ulkan hissa qo`shdi.

1984-2004 yillarda Abror Hidoyatov nomidagi O`zbek davlat drama teatrida badiiy rahbar sifatida samarali faoliyat ko`rsatdi.  

​San`atni chin dildan sevgan, unga sadoqat bilan  xizmat qilishni o`z hayotining ma`no-mazmuni deb bilgan yorqin iste`dod sohibi o`zbek rejissyorlik san`atida o`z ijodiy maktabini yaratdi. 

B.Yo`ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Abu Rayhon Beruniy”, “Ibn Sino”, “Iskandar”, “Nodirabegim”, “Yulduzli tunlar”, “Qora kamar”, “Farmonbibi arazladi”, “Kelinlar qo`zg`oloni”, “Maysaraning ishi”, “Checha”, “Arshin mololon” kabi o`nlab dramatik asarlar millionlab san`at muxlislarining qalbidan chuqur joy olib, teatr san`atimizning “oltin fondi”dan o`rin egalladi. Ushbu asarlarning aksariyat ko`pchiligi chet ellarda ham katta muvaffaqiyat bilan namoyish etildi.  

​Milliy teatr san`atimizni yangi g`oya va talqinlar, betakror asarlar bilan boyitish haqida tinimsiz izlanib yashaganB.Yo`ldoshev maydon tomoshalari, ommaviy madaniy tadbirlarni sahnalashtirish bo`yicha nafaqat respublikamiz, balki xorijiymamlakatlarda ham e`tirof etilgan, badiiy tafakkuri nihoyatda keng, o`z kasbining chinakam ustasi va fidoyisi bo`lgan atoqli ijodkor edi.  

Ulkan iste`dod sohibi B.Yo`ldoshevning ijodiy faoliyati, tashkilotchilik salohiyati ayniqsa mustaqillik yillarida yorqin namoyon bo`ldi. Mustaqillik va Navro`z umumxalq bayramlari hamda yurtimiz va chet ellarda katta shuhrat qozongan “Sharq taronalari” musiqa festivalini, maqom va baxshichilik, milliy hunarmandchilik san`atlariga bag`ishlab o`tkazilgan xalqaro anjumanlarning badiiy dasturlarini yaratish borasida o`zini ayamasdan, fidokorona xizmat qilganini xalqimiz, madaniy jamoatchiligimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Butun ongli hayotini milliy san`atimizni ravnaq toptirishga bag`ishlagan ulug` san`atkor 2009 yilda “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasini tashkil etib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qilib keldi. Ushbu studiya faoliyati orqali o`nlab iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning iste`dodini ro`yobga chiqarish, mumtoz milliy adabiyotimiz namunalarini sahnalashtirish va targ`ib etish yo`lida jonbozlik ko`rsatdi.

B.Yo`ldoshev o`zining boy bilim va tajribasi asosida yoshlarga sahna ilmi, rejissyorlik san`atining nazariy va amaliy masalalaridan saboq berish maqsadida markaziy telekanallarimiz orqali g`oyat ibratli “Mahorat darslari”ni o`tkazib keldi.

B.Yo`ldoshevning milliy san`atimiz va madaniyatimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U  "O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi"  hamda  "O`zbekiston Respublikasi xalq artisti" faxriy unvonlari,  "Mehnat shuhrati" , "Fidokorona xizmatlari uchun",  "El-yurt hurmati", “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari  bilan mukofotlangan edi.

​Xalqimizning buyuk san`atkor farzandi, betakror shaxs, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Bahodir Tursunovich Yo`ldoshevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1