Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 15-umumta`lim maktabi yonidagi piyodalar o`tish yo`lagiga ilk innovasion svetofor o`rnatildi. E`tiborli jihati shundaki, piyodalarga qulaylik yaratish hamda ularning xavfsizligini ta`minlash maqsadida o`rnatilgan ushbu svetofor inson omilisiz, sensorda boshqariladi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Mazkur ko`chada transport vositalari juda ko`p harakatlanadi. Bundan tashqari, hududda maktabgacha ta`lim muassasasi va maktab joylashgan bo`lib, bolalar yo`lning ayni shu qismidan o`tishi kerak. Ming afsuski, gohida piyodalar yo`lning belgilanmagan qismlaridan kesib o`tishi, gohida haydovchilarning tezlik qoidalariga amal qilmasligi natijasida noxush hodisalar yuz berib turadi.
Toshkent shahar IIBB YHXBdan ma`lum qilishlaricha, ushbu innovasion svetoforning o`rnatilishi piyoda, ayniqsa, bolalarning yo`llardagi xavfsizligini ta`minlashga xizmat qiladi. Yo`lakchaga kelishingiz bilan sensor moslama ishga tushadi va avtomobillar uchun qizil chiroq yonadi. Bu texnologiyada inson omili ishtirok etmaydi.
Shahardagi ayrim joylarda piyodalar o`tish joyi tugmalar orqali boshqarilishini ko`rish mumkin. Bu ayrim fuqarolar tomonidan tugmalar doimiy bosib turilishi yoki faqat yashil chiroq yonib turishi uchun tugmachani bog`lab qo`yish holatlari kuzatilmoqda. Innovasion svetofor esa sensor orqali boshqariladi. Piyodalar o`tish yo`l belgilari ham LED lampalari orqali yoritiladi.
Mazkur svetofor kunduzi quyoshdan quvvat oladi. Olgan quvvati tun bo`yi bemalol etadi. Bundan tashqari, qo`shimcha o`rnatilgan chiroqlar haydovchilarni hushyorlikka chorlaydi. Bu esa piyodalar ishtirokidagi turli xil xavf-xatarlarning oldini olishga yordam beradi.
Mutaxassislarning aytishicha, kelgusida mazkur loyihani aholi gavjum joylarga keng tatbiq etish ko`zda tutilmoqda.






