1

Otabek Sattoriyning sud ishiga Surxondaryo viloyati hokimligining aloqasi yo`q — Hokimlik

Jamiyat 17.05.2021, 19:56
Otabek Sattoriyning sud ishiga Surxondaryo viloyati hokimligining aloqasi yo`q — Hokimlik

Deputat Rasul Kusherbaev “So`z blogerlarga” ko`rsatuvida bloger Otabek Sattoriy va uning sud jarayoni haqida so`z yuritarkan, “Surxondaryo viloyati hokimiga shu masalada alangali salom, deb qo`ymoqchi edim. Otabek Sattoriyning qanday jigarlari, farzandlari bo`lsa, u kishining ham xuddi shunday yaqinlari bor. Bu dunyo qaytar dunyo ekanligini unutmaslik kerak. Buni nima uchun aytayotganimni u kishi juda yaxshi bilib turibdilar, menimcha. Qolganlarga ham insof bersin”, deya ta`kidlaydi.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati  R. Kusherbaevning viloyat hokimiga nisbatan bildirgan fikrlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma`lum qilinishicha, deputat OAVdagi o`z chiqishida Surxondaryo viloyati hokimiga nisbatan “U kishining ham xuddi shunday yaqinlari bor, qaytar dunyo bu” deya mavhum ayblov qo`yib, tomoshabinlarda go`yoki, bloger O.Sattoriyning sud ishiga viloyat hokimi aloqadordek fikr uyg`otdi.

"Deputat tomonidan Surxondaryo viloyati hokimiga nisbatan qo`yilayotgan bu asossiz ayblov deputatlik odobi qoidalariga mutlaqo to`g`ri kelmaydi", deyiladi axborot xizmati xabarida.

Ta`kidlanishicha, viloyat hokimligi tomonidan bloger Otabek Sattoriyga qarshi hech qanday harakat amalga oshirilmagan, viloyat hokimligining ushbu ishga aloqasi yo`qligi bois, sud jarayonida hokimlik hatto guvoh sifatida ham chaqirilmagan.

Qolaversa, odil sudlov faqat sud organlari tomonidan amalga oshiriladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari o`zlariga qonun bilan belgilab berilgan vakolatlardan foydalangan holda ish yuritadi, sud organlarining ishlariga aralashish hokimlik vakolatiga kirmaydi.

Hokimlik xabarida deputatlik odobi qoidalariga ko`ra, deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, haqoratomuz ibora va so`zlarni qo`llashga, asossiz ayblovlarga yo`l qo`yishga haqli emasligi belgilab qo`yilgani eslatib o`tilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1