Prezident Shavkat Mirziyoevdan o`rnak olgan Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzaev ham mas`ullar bilan Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo`ldi. Bu haqda «Daryo»ga viloyat hokimining matbuot kotibi Ahror Sodiqov xabar berdi.
Ta`kidlanishicha, viloyat hokimi tashrifi davomida shifokor va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, markazda davolanayotgan 86 nafar bemorning holidan xabar olgan. Va ularning har biriga bayram sovg`asini ulashgan.

«Sizlarning sog`ayib, oilangiz bag`riga qaytishingiz hammamiz uchun katta baxt va quvonch. Endi onkologik xastaliklarga shifo istab poytaxtga yoki qo`shni viloyatlarga borib, sarson bo`lmaysizlar. Prezidentimiz topshirig`i bilan viloyatimizga ham 4,7 million dollarlik zamonaviy nur berish uskunasi olib kelindi. Bularning barchasi aholi salomatligi, ularning yaqinlari, o`g`il-qizlari, ota-onalari baxti uchun xizmat qiladi», — degan viloyat rahbari bemorlar bilan suhbatda.

Ahror Sodiqov viloyat rahbarlarining onkologik kasalliklar bilan og`rigan bemorlar bilan suhbatini shunday tasvirlaydi: «Shifoxonaga borgan hammaning ko`zida yosh miltilladi. Kinodagi mashhur bolakayni eslatuvchi Samirning kulgusi butun borliqni egalladi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filialiga kirib borar ekanmiz, o`zimizni xuddiki katta odamlardek his qilib, katta qadamlar bilan kirib bordik. Birdan... sog`ayib ketishini umid qilib, shifoxona derazalariga boqib turgan g`amgin ko`zlar qadamimizni sekinlatdi. Ular bilan gaplashish shart emas — ko`zi va yuzlaridagi g`amginlik odamni ezib qo`yishi aniq edi».






