AQSh prezidenti Jo Baydenning ma`muriyati Isroilga 735 million dollarlik yuqori aniqlikdagi qurol-yarog` sotishni ma`qulladi. Bu haqda daryo.uz xorijiy OAVga tayanib xabar berdi.
Falastin o`t o`chiruvchilari Isroil aviazarbasidan keyin yuzaga kelgan katta yong`inni o`chirmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, kongress bu haqda 5 may kuni — Isroil armiyasi va HAMAS o`zaro raketa zarbalarini boshlashidan bir necha kun avval xabardor qilingan.
Ushbu partiyaning asosiy qismini GPS texnologiyasi asosidagi uskunalar komplektlarini tashkil qilishi mumkin, ular erkin tushadigan bombalarni boshqariladigan bombalarga aylantirish imkonini beradi. Bunday komplekt — Joint Direct Attack Munition (JDAM) — bombaning o`rta qismiga mahkamlanadigan qanotlardan hamda bombaga manyovr qilish imkonini beruvchi boshqariluvchi «patlarga» ega dum qismidan iborat.
Rasman xabardor qilinganidan keyin qonun chiqaruvchilarda bitimning amalga oshirilishiga qarshi norozilik haqida rezolyusiya berish uchun 20 kun vaqt bo`ladi. Bu hujjat yuridik kuchga ega emas.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`on Isroilga qurol sotish haqidagi qarori uchun amerikalik hamkasbi Jo Baydenni tanqid qildi.
«Janob Bayden, afsuski, siz tarixni qonga belangan qo`llaringiz bilan yozyapsiz. Mana shu gapni aytishga bizni majbur qildingiz», — dedi u Anqaradagi matbuot anjumanida AQSh ma`muriyati Isroilga qurol-yarog` sotishni ma`qullagani haqidagi xabarlarni izohlar ekan.
Erdo`g`onning fikricha, ayni paytda Falastindagi fojiadan yuz o`girayotgan mamlakatlar «o`z zarariga bo`lg`usi muammolar urug`larini sochmoqda».





