1

Sudyalar oliy kengashi Rasul Kusherbaevning sobiq sud raisi borasidagi munosabatini shoshma-shosharlik va masala mohiyatiga etmasdan qilingan chiqish sifatida qabul qildi

Jamiyat 19.05.2021, 10:55
Sudyalar oliy kengashi Rasul Kusherbaevning sobiq sud raisi borasidagi munosabatini shoshma-shosharlik va masala mohiyatiga etmasdan qilingan chiqish sifatida qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbaevning ijtimoiy tarmoq orqali jinoyat ishlari bo`yicha O`rtachirchiq tumani sudi sobiq raisi R.Xolmirzaeva bo`yicha bergan bayonotini shoshma-shosharlik va masala mohiyatiga etmasdan qilingan chiqish sifatida qabul qildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining 2009 yil 9 oktyabrdagi hukmi bilan JK(Jinoyat kodeksi)ning 210-moddasi 3-qismi “b” bandi (pora olish) va 231-moddasi 1-qismida (adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan R. Xolmirzaeva 2018 yilning 18 dekabrida oqlangan.

Shundan kelib chiqib, muhtaram deputatning “...u aybsiz edi, biroq shuncha yil azob chekdi”, degan fikriga qo`shilamiz va sudyalar korpusining sobiq vakilasi oqlanganini olqishlaymiz.

Biroq sobiq sud raisining “...sud tizimiga ishga tiklash masalasini hal qilmay” go`yoki “o`yin” qilinayotgani, “Oliy sud va Sudyalar Oliy Kengashi Jinoyat prosessual kodeksining (JPK) 310-moddasi talablarini bajarmay, ko`zbo`yamachilik qilib kelmoqda” mazmunidagi ta`na va iddaolari bilan mutlaqo kelishib bo`lmaydi.

JPK 310-moddasida qonunga xilof ravishda jinoiy jazoga hukm qilingani, ushlab turilgani yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi munosabati bilan lavozimidan (qonunga xilof ravishda) chetlashtirilgan shaxs oldin ishlagan ishiga (lavozimiga) tiklanishi belgilangani to`g`ri. Biroq e`tiborga olish shartki, sobiq sud raisi R.Xolmirzaeva qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortilishi munosabati bilan emas, balki undan avval, ya`ni 2009 yil 17 iyul kuni,  o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida, vazifasidan ozod etilgan (ya`ni, vakolati muddatidan ilgari tugatilgan). Bu esa o`z-o`zidan JPKning 310-moddasida qayd etilgan tartiblar R.Xolmirzaeva nisbatan tadbiq etilmasligini anglatadi.

Ikkinchidan, o`tgan to`rt yil ichida sudyalarni tayinlash (saylash) va lavozimidan ozod etish tartibiga qator o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi. Ya`nikim, O`zbekiston Respublikasi “Sudlar to`g`risida”gi qonuniga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritilgan bo`lsa, “O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to`g`risida” mutlaqo yangi qonun qabul qilindi.

 Har ikki qonunda ham sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda qayta lavozimiga tiklash masalasi nazarda tutilmagan.

Uchinchidan, tuman (shahar) va viloyat sudi darajasidagi sudyalarni lavozimga tayinlash (ozod etish) Sudyalar oliy kengashi vakolatiga oid masala, biroq bu jarayon bir shaxs tomonidan amalga oshirilmaydi. Balki Kengashning 21 nafar a`zolari tomonidan ovoz berish yo`li bilan kollegial hal etiladi. Shunday ekan, deputatning go`yoki “haliyam irodasiz, jur`atsiz, beg`am bosh bilan o`tirishib”, har xil “o`yin” qilayotgani” mazmunidagi iddaolari asossiz ekani barobarida odob-axloq chegarasidan ochiqdan ochiq chetga chiqish hamdir. Baski, deputat “yo qonunni bilmaydi” degan pisandasini o`ziga berishi kerak.

R.Xolmirzaeva oqlangandan keyin Toshkent viloyati tarkibidagi jinoyat ishlari bo`yicha tuman (shahar) sudlarining biri raisligiga tayinlanish uchun hujjat topshirgani bor gap. Uning hujjatlari vakant lavozim yo`qligi bois qaytarilgan va bu haqda tegishli tushuntirish berilgan. Bo`sh sudyalik lavozimi uchun hujjat topshirishiga esa monelik yo`q. Buning uchun deputatga emas, Sudyalar oliy kengashiga yoki Sudyalar oliy malaka hay`ati yoinki hududiy malaka hay`atiga murojaat qilishi kerak. Uning murojaati boshqa nomzodlarga qo`yilgan talablar asosida tegishli tartibda va bir necha bosqichda o`rganilib, qonuniy to`xtamga kelinadi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1