AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi: deputatni tintuv qilish va o`z vakolatlarini amalga oshirishga monelik qilish noqonuniydir

'Adliya vazirligi: deputatni tintuv qilish va o`z vakolatlarini amalga oshirishga monelik qilish noqonuniydir'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 17 may kuni halq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida deputat Sh.K.ni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasini ko`rib chiqishda, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ayrim deputatlarni tintuv qilayotganligi holati aks etilgan fotosuratlar tarqalib, ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi.

Aytish joizki, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to`g`risida”gi Qonunga ko`ra har bir deputatga o`z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanadi, uning huquqlari, sha`ni va qadr-qimmati muhofaza qilinishi, deputatning sha`ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq ma`muriy, jinoiy yoki o`zga tarzda javobgar bo`lishi, deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga to`sqinlik qilish maqsadida deputatga qanaqa tarzda bo`lmasin ta`sir ko`rsatishga yo`l qo`yilmasligi, deputat oldidagi o`z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to`sqinlik qiladigan, bila turib unga yolg`on axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi Qarori bilan tasdiqlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy Reglamentiga muvofiq sessiya o`tkaziladigan vaqt, sana va joy hamda kun tartibi Kengash deputatlari e`tiboriga sessiya ochilishidan kamida etti kun oldin etkazilishi, deputatlarga tanishib chiqish uchun hujjatlar yuborilishi, sessiyalar ochiq, oshkora o`tkazilishi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi, zarur hollarda Kengashi yopiq sessiya o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilinishi mumkin.

Biroq, mazkur Kengash sessiyasida deputatlarning daxlsizligi buzilib telefon va ovozli videoga oluvchi moslamalarni olib kirishi taqiqlangan hamda ayrim deputatlar tintuv qilingan.

Mazkur holat bo`yicha adliya organlari tomonidan halq deputatlari Andijon shahar Kengashiga hamda Milliy gvardiya Andijon viloyat Qo`riqlash boshqarmasiga taqdimnomalar kiritildi. Unda, kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo`l qo`yilmasligi hamda aybdor shaxslarga nisbatan chora ko`rish so`ralgan.

Shu o`rinda, adliya organlarining bajarilishi majburiy bo`lgan taqdimnomalarini bajarmaslik, shu jumladan o`z vaqtida yoki to`liq bajarmaslik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanganligini eslatib o`tamiz.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

    Boshqa yangiliklar