Buxoro viloyatida yashovchi bola 2018 yil, 4 yoshida otasi tomonidan Rossiyaga olib ketilgach, oradan uch yil o`tib onasi bag`riga qaytarildi. Bu haqda «Daryo»ga MIB viloyat boshqarmasi mas`ul xodimi Anvar Salimov ma`lum qildi.
Ta`kidlanishicha, Romitan tumanida yashovchi fuqaro L.N. turmush o`rtog`i R.O. bilan o`zaro kelishmovchilik sabab doimiy janjallashib kelgan. Shunga qaramasdan ayol 2018 yil 4 yoshli farzandi M.A.ni eri bilan birga bir yil muddatga Rossiyaga borishiga rozilik bergan. Biroq oradan ikki yil vaqt o`tsa-da, ota farzandini xotiniga qaytarmagan.
Shundan so`ng ayol Fuqarolik ishlari bo`yicha Romitan tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Sud esa besh yoshga to`lgan M.A.ni onasi tarbiyasiga majburiy tartibda olib berish to`g`risida qaror chiqargan. Byuro ishga kirishgan.
Ijro harakatlari davomida ota farzandini onasi tarbiyasiga qaytarishi lozimligi haqidagi ogohlantirishlarga ham e`tibor bermay, qonuniy talablarga bo`ysunmagan.
2021 yilda 7 yoshli M.A.ning 67 yoshli buvisi Ch.K. O`zbekistonga qaytish uchun chipta xarid qilish maqsadida Rossiya aeroportlaridan biriga borgan. Bu jarayonda bojxona xizmati tomonidan M.A.ning qidiruvda ekani oydinlashgan va bola O`zbekistonga qaytarilgan. Bola onasi bag`riga sog`-salomat qaytgan.