AsosiyJamiyat

Noqonuniy mehnat migrantlari Rossiyada vaqtincha qolishni qachongacha qonuniylashtirishi kerak?

'Noqonuniy mehnat migrantlari Rossiyada vaqtincha qolishni qachongacha qonuniylashtirishi kerak?'ning rasmi

Rossiya Federasiyasi Prezidentining 2020 yil 18 apreldagi “Yangi koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishi xavfi tufayli chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning Rossiya Federasiyasida huquqiy maqomini belgilash bo`yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni doirasida Rossiya Federasiyasi IIV hamda O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi diplomatik vakolatxonlari hamkorligida 2020 yilda Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar fuqarolarimizning maqomi qonuniylashtirildi.

Hozirgi kunda ushbu farmonga kiritilgan o`zgartirishlar asosida Rossiya hududida noqonuniy bo`lib turgan xorijiy davlat fuqarolariga 2021 yil 15 iyunga qadar o`z maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berildi.

Shunga ko`ra, Rossiya Federasiyasi IIV bilan o`rnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo`lgan 300 ming nafardan ortiq O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining ro`yxati shakllantirildi.

Shu fursatdan foydalanib, Rossiya Federasiyasi hududida noqonuniy ravishda bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021 yilning 15 iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federasiyasi hududida bo`lishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqiramiz.

Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma`muriy chiqarib yuborish, deportasiya qilish chorlari qo`llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migrasiya bo`limidan qayta ro`yxatdan o`tish imkoniyati beriladi.

Ushbu masalada yordam berish maqsadida O`zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi elchixonasi va Rossiya mintaqalaridagi Bosh konsulxonalariga hamda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining qo`yidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar