AsosiyJamiyat

Moskvada Toshkentdagi G`alaba bog`iga bag`ishlangan kitobning taqdimoti bo`lib o`tdi

'Moskvada Toshkentdagi G`alaba bog`iga bag`ishlangan kitobning taqdimoti bo`lib o`tdi'ning rasmi

18 may kuni Moskvada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan “G`alaba bog`i falsafasi” kitobining taqdimoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotmamlakatimiz delegasiyasining Rossiya Federasiyasiga tashrifi doirasida tashkil etildi. Tadbirni ushbu delegasiya rahbari – O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov olib bordi.

Toshkent shahrida bundan bir yil ilgari bunyod etilgan “G`alaba bog`i” yodgorlik majmuasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag`ishlangan kitobning Moskvadagi taqdimoti “Rossotrudnichestvo” tashkiloti rahbari Evgeniy Primakov bilan hamkorlikda o`tkazildi.

Taqdimotda Rossiya Federasiyasi Davlat dumasi Mudofaa masalalari bo`yicha qo`mitasi raisi Vladimir Shamanov, fazogir – Rossiya Qahramoni Solijon Sharipov, Rossiya Federasiyasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar bo`yicha elchisi, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi a`zosi Vladimir Churov, taniqli rossiyalik yozuvchi Fedor Razzakov, O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi elchisi Botir Asadov va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda ta`kidlanganidek, ushbu kitob Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi asosida G`alabaning 75 yilligi munosabati bilan yozilgan va nashr etilgan. Taqdimot ishtirokchilari kitobning beqiyos ahamiyati haqida so`z yuritish asnosida, ushbu muhtasham nashr tarixiy xotirani yodda saqlash nuqtai nazaridan nihoyatda muhim o`rin tutishini ta`kidladilar. 

Shuningdek, kitob yuksak matbaa yutuqlari asosida chop etilgani, muallif tanlangan mavzuni yoritish masalasiga nihoyatda serqirra yondashgani, xususan, kitob sahifalarida hatto turli millat va elatlar vakillaridan tarkib topgan “Turkiston legioni” va “Fransuz qarshilik harakati” bilan bog`liq ma`lumotlar ham joy olgani e`tirof etildi. Bundan tashqari, kitobning kengaytirilgan shaklini Rossiya Federasiyasida nashr etish taklifi bildirildi.

Boshqa yangiliklar