Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Shoyim Shernazarning Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Pirnazar bobo Turdiev xotiralari asosida tayyorlangan “Jasoratning yuz lahzasi” kitobi taqdimoti o`tkazildi.
Tadbirda kitob qahramoni 101 yoshli Pirnazar bobo bilan birgalikda ijodkorlar, yoshlar va OAVlari vakillari ishtirok etdi. “Jasorat va matonat” yoshlar targ`ibot markazining loyihasi doirasida chop etilgan mazkur kitobda urush davridagi voqealar hikoya qilingan.
Uchrashuvda Pirnazar bobo Turdiev yoshlarga urush davri xotiralarini so`zlab berdi. O`zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo`limining xabar berishicha, kitob qahramoni hozirda Karmana tumani, Do`rman mahallasida istiqomat qiladi.
– 1942 yilning kuzida Rossiyaning Penza shahrida birinchi urushga kirdik. 2- Blorussiya frontida jang kildim. Poltava, Kursk, Oryol, Gomel erlaridan fashistlarni quvib chiqardik. Navbat Polsha erlariga keldi, undan o`tib Germaniyada g`alaba bayrog`ini Rexistag ustiga tikladik. Men bilan safdosh ne-ne vatandoshlarim ko`z o`ngimda o`qqa uchib ketishdi. Vatanga bo`lgan muhabbat, ota-onam duosi meni omon saqladi. Peshonamda yashash haqqi bor ekan, fashist gazandalarini taslim qilib 1946 yilning bahorida yurtga qaytdim. Uyga kelganimda onam, otam tirikligimga ishonishmagan. Chunki ikki marotaba mendan qora xat kelgan ekan-da, – deya xotirlaydi bobo.
1000 nusxada chop etilgan kitob o`quv muassasalariga, yoshlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.