21 may kuni Samarqand viloyati IIB rahbariyati, shuningdek, IIV O`XB Samarqand viloyati bo`yicha bo`limi boshlig`i tomonidan, Samarqand shahri bo`yicha IIO FMB xodimlari, ularning ota-onalari va oila a`zolari bilan, shaxsiy tarkib o`rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo`lgan noxush holatlarni oldini olish to`g`risida uchrashuv-yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Yig`ilishga taklif etilganlarga 2020-2021 yillar davomida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar to`g`risida ma`lumotlar berilib, xodimlarning ota-onalaridan farzandlarining taqdiriga befarq bo`lmaslik va ularning tarbiyasiga e`tibor qaratish lozimligi ta`kidlab o`tildi.
Yig`ilish davomida IIO FMBda xizmat qilayotgan, xizmat intizomi va qonuniylikni buzishga moyillar ro`yxatiga kiritilgan xodimlar, ularning oila a`zolari hamda rahbarlar ishtirokida ogohlantirildi.
Shuningdek, o`z xizmat vazifalarini namunali bajarayotgan 10 nafar xodimlarning ota–onalariga viloyat IIB rahbariyati nomidan tashakkurnomalar va qimmat baho sovg`alar topshirildi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda faollik ko`rsatib, jinoyatchi tomonidan pora tariqasida taklif etilgan va keyinchalik olib kelingan 2.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olmasdan, uni ashyoviy dalillari bilan ushlanishiga erishib, qonun ustuvorligini ta`minlagan kapitan U.Sarimovga viloyat IIB boshlig`ining buyrug`i bilan berilgan 15.000.000 so`m miqdoridagi pul mukofoti va uning ota-onasiga tashakkurnoma va qimmat baho sovg`alar topshirildi.






