AsosiyJinoyat

Andijonda 5 oylik kelinchakning zo`rlanishi voqeasi atrofidagi yolg`on va vahimali xabarlarga prokuratura munosabat bildirdi

'Andijonda 5 oylik kelinchakning zo`rlanishi voqeasi atrofidagi yolg`on va vahimali xabarlarga prokuratura munosabat bildirdi'ning rasmi

Bir necha kundirki, internet ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda 5 oylik kelinning zo`rlanishi bilan bog`liq turli xabarlar avj olmoqda. 

Holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi. 

"2021 yil 13 may kuni fuqaro O.O.ni zo`rlanishi bilan bog`liq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlarini har tomonlama to`la va xolisona o`tkazilishini ta`minlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o`tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.  

Holat yuzasidan hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda ko`zdan kechirilgan va tergovga qadar tekshiruv davomida ishga aloqador bo`lgan barcha ashyolar olingan.

Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o`tkazilib, olingan ashyolar bo`yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika va sudga oid mikrotola ekspertizalari tayinlangan.  

Shuningdek, ishga aloqador bo`lgan barcha shaxslar guvoh tariqasida batafsil so`roq qilinib, gumonlanuvchilarning shaxslari tezkor yo`llar bilan o`rganilgan.

Jinoyat ishi bo`yicha haqiqatni aniqlash va zudlik bilan o`tkazilishi lozim bo`lgan tergov harakatlari bo`yicha Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan yozma ko`rsatma berilib, tergov harakatlari ustidan qat`iy nazorat o`rnatilgan.

Jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksi talablari asosida olib borilishi, aybdor shaxslar doirasi to`liq aniqlanib, ularga nisbatan jazoning muqarrarligi ta`minlanadi.

Prokuratura organlari har bir xabar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini ta`minlaydi va fuqarolarimizdan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanmagan turli asossiz xabarlarga tayanmaslikni so`rab qoladi.  

Viloyat prokuraturasi aholi orasida yolg`on, haqiqatga to`g`ri kelmaydigan hamda vahima chiqarishga qaratilgan ma`lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatadi!"- deyilgan munosabatda. 

Eslatib o`tamiz, hodisa Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi tomonidan nazoratga olingan, shuningdek, viloyati hokimligi mazkur jinoyatni sodir etgan jinoyatchilar o`z qilmishlari uchun qonun oldida albatta javob berishini ma`lum qildi.

Sal avval xabar qilganimizdek, "Darakchi" mazkur hodisa bo`yicha o`z surishtiruvini olib bordi.

    Boshqa yangiliklar