1

Prezident xotin-qizlar to`g`risida qabul qilgan qarorning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati nimada?

Jamiyat 24.05.2021, 23:05
Prezident xotin-qizlar to`g`risida qabul qilgan qarorning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati nimada?

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining bugun, 24 maydagi an`anaviy brifingida o`tgan haftada qabul qilingan bir qator muhim hujjatlar haqida ham qisqacha ma`lumot berildi.

Jumladan, 2021 yil 19 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan xotin-qizlarni reabilitasiya qilishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori imzolangan edi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar e`tiborini ushbu qarorning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatiga qaratib, shunday dedi:

– Afsuski, bu jamiyatimizdagi og`riqli masalalardan biri. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko`rib turibmizki, ayollarga tazyiq o`tkazish holatlari ko`p uchrayapti. Joriy yilning o`tgan davrida 2 ming 437 nafar ayol shunday muammolar bilan murojaat qilgan.

Prezident qaroriga asosan, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy markazlari tashkil etiladigan bo`ldi.

E`tiboringizni ushbu qaror mohiyatiga kengroq nazar tashlashga, uning katta siyosiy va ijtimoiy ahamiyatiga qaratmoqchi edim. Albatta, ushbu hujjatda ko`zda tutilgan chora-tadbirlar – opa-singillarimizning himoyasini jiddiy kuchaytirish va gender tengligini amalda ta`minlashga qaratilgan navbatdagi katta qadam.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining olib borayotgan gender siyosatida juda katta masala – ijtimoiy adolatni qaror toptirish va barqaror taraqqiyotni ta`minlash vazifasi yotibdi. Xotin-qizlarning huquqlarini ta`minlash boshqa jiddiy ijtimoiy masalalar – oila mustahkamligini ta`minlash, barkamol avlodni tarbiyalash, ona va bola salomatligini mustahkamlash kabi vazifalar echimini osonlashtirishi aniq.

Shulardan kelib chiqib, gender tengligini ta`minlash siyosati izchil davom ettiriladi, – dedi Sherzod Asadov.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1