1

"Haydovchilik guvohnomalari deyarli pora yoki "zvonok"ka hal bo`ladi". Allamjonov Angrendagi fojia haqida gapirdi

Jamiyat 25.05.2021, 11:29
"Haydovchilik guvohnomalari deyarli pora yoki "zvonok"ka hal bo`ladi". Allamjonov Angrendagi fojia haqida gapirdi

Avval xabar qilganimizdek, kuni kecha Angrenda fojia yuz berdi. Ma`lumotlarga ko`ra, 8 ta mashina ishtirokidagi yirik avtohalokatda 7 nafar odam halok bo`ldi, 14 nafari esa hozirda shifoxonada

Ikki kundirki ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solayotgan hodisa haqida Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov munosabat bildirdi. 

"Angrenda sodir bo`lgan avariyani ko`rib yuragim ezilib ketdi. Deyarli har kuni matbuotda shunday holatlarni o`qiymiz. Yiliga minglab odamlar halok bo`lyapti. Aslida bu juda katta fojia.  

Hukumat bu masalaga juda jiddiy ahamiyat berishi kerak, deb hisoblayman.

Haydovchilarni tayyorlash tizimi butunlay korrupsiya botqog`iga g`arq bo`lgan. Haydovchilik guvohnomalari deyarli pora yoki "zvonok"ka hal bo`ladi. Yo`ldagi haydovchilarning 80 foizdan ko`prog`i yo`l qoidasini bilmaydi va guvohnomani aynan shunday yo`l bilan olgan.  

Huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish tashkilotlari agar bu masalaga jiddiy qaramasa, o`limlar soni ortsa ortyaptiki, lekin kamaymayapti.  

Juda jiddiy, qat`iy nazorat kerak bu tizimga. Ahvol juda rasvo holatda.  

Keling, kichik so`rovnoma o`tkazib ko`ring. Menga ishonmasangiz, atrofingizda haydovchilik guvohnomasi bor odamdan so`rab ko`ring, "prava"ni haqiqatda darslarga to`liq qatnagan holda, o`qib, tayyorgarlik ko`rib, o`z bilimi bilan imtihon topshirib olganmikin yoki pul bilanmi? Aniq aytaman, o`sha atrofingizdagi odamlarning kamida 80 foizi o`z kuchi bilan olmagan bo`ladi guvohnomani. Jiddiy alamli ohangda, nimalar deyapsiz, o`ldim qoldim pul bermaganman, desa ham kamida tanish-bilish va qo`ng`iroq orqali ishini hal qilgan bo`lib chiqadi, ko`rasiz!  

P.S. Albatta, faqat ta`lim tizimi masalaning echimi bo`la olmaydi. Bu kompleks masala. Yo`l, infratuzilmaning ham o`rni katta. Lekin haydovchilarni tayyorlash masalasi, uning sifati, haqqoniy imtihon tizimlari muammoning asosiy echimi deb hisoblayman", - deb yozib qoldirgan Allamjonov. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1