AsosiyMadaniyat

“Quyosh lazzati” filmi Toshkentda suratga olinmoqda

'“Quyosh lazzati” filmi Toshkentda suratga olinmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Kinematografiya agentligi hamda Rossiyaning “Sputnik Vostok Prodakshn” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda “Solnse na vkus” (“Quyosh lazzati”) ko-produksiya filmi suratga olinmoqda. Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi suratga olish ishlaridan so`ng xorijiy kinoijodkorlar Toshkentda o`z ishlarini davom ettirishmoqda. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar berdi. 

Sarguzasht, fentezi janridagi ushbu film ko-produksiya shaklidagi ilk hamkorlikdagi loyihalaridan biridir. Filmni suratga olayotgan “Sputnik Vostok prodakshn” kinokompaniyasi so`nggi yillar dunyodagi yirik striming xizmati Netflix bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o`rnatgan.  

Hozirda “Quyosh lazzati” kartinasini ham Netflix platformasida taqdim etish bo`yicha muzokaralar olib borilyapti. So`nggi yillarda Kinematografiya agentligi xorijiy kinokompaniyalar bilan ko-produksiya usulida ishlashni keng miqyosda yo`lga qo`ydi. Bunday loyihalarda o`zbekistonlik ijodkorlar va ayniqsa, yoshlarning ishtirok etayotgani tajriba to`plash va malaka oshirish imkonini taqdim etmoqda. Bundan tashqari bu kabi loyihalar O`zbekistonni dunyo ekranlari orqali dunyoga tanitishda ulkan ahamiyat kasb etadi.  

Filmda O`zbekistonga sayohati davomida sarguzashtlar ummoniga tushib qolgan oddiy moskvalik oila haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, Buxoro amiri xazinasini izlash, uni ta`qib qilish, do`stlik mavzusi, oilaviy mojarolar tasvirlanadi.  

Postanovkachi rejissyor Eldar Salavatov, rassom Yuriy Fomenko, prodyuserlar Aleksandr Kessel va Firdavs Abduxoliqov, rejissyor Tatyana Sulyaeva. Ssenariy esa rossiyalik taniqli ssenarist Oleg Malovichkoga tegishli. Aytib o`tish joizki, “Troskiy”, “Metod” seriallari va “Soyuz spasenie”, “Prityajenie”, “Yolki” kabi filmlarni ssenariysini yozgan Malovichko kuni kecha Rossiyaning Top5 eng yaxshi ssenaristlari ro`yxatida 3 o`rinni egalladi.

Filmda o`zbek va rus yulduzlari ham ishtirok etishadi: Andrey Merzlikin, Aleksandr Ilin, Muhammadiso Abdulxairov va boshqalar.

Suratga olish ishlari Moskva, Buxoro, Samarqand, Toshkent shahri va viloyatida bo`lib o`tadi. S`yomka jarayonlari nafaqat Chorvoq kabi go`zal landshaftlar, balki O`zbekistonning tarixiy yodgorliklari: Registon, Go`ri Amir, Samarqanddagi Mirzo Ulug`bek rasadxonasi, Buxorodagi Ark qal`a-muzeyi, masjid va Minorai Kalonda bo`lib o`tdi.

“Solnse na vkus” kinokartinasi 2021 yilning kuz mavsumida premera qilinishi rejalashtirilgan. Xorijiy studiya va agentlik o`rtasidagi kelishuvga asosan filmning dunyo prokatidan tushgan foydaning 25 foizlik ulushi Kinematografiya agentligiga tegishli va O`zbekistonda namoyish etish bo`yicha barcha huquqlardan foydalanadi.

Boshqa yangiliklar