AsosiyJamiyat

Bu safar Xorazmcha tender: Urganch tumani SEO tomonidan o`tkazilgan tenderda rahbarning ukasiga tegishli korxona g`olib chiqdi

'Bu safar Xorazmcha tender: Urganch tumani SEO tomonidan o`tkazilgan tenderda rahbarning ukasiga tegishli korxona g`olib chiqdi'ning rasmi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining tegishli topshirig`i asosida, maxsus axborot portalga joylashtirilgan ochiq ma`lumotlar asosida davlat xaridlari sohasida doimiy ravishda o`rganish ishlari o`tkazilmoqda, deya xabar bermoqda qo`mita Axborot xizmati. 

Ma`lum qilinishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo`limi boshlig`i lavozimiga Ataniyazov Ikrom Boltaboevich tayinlanganiga hali ko`p bo`lgani yo`q. Bu lavozimda 2020 yilning noyabridan beri ishlab keladi.

Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo`limi tomonidan 2021 yil 26 martda e`lon berilib, bo`lim binosi va xojatxonasini joriy ta`mirlash uchun 2021 yil 7 aprel sanasida tanlov o`tkazilgan.

Komissiya qiymati 225,5 mln. so`m bo`lgan binoni joriy ta`mirlash uchun “JK” MChJni g`olib sifatida tanlab oladi. O`rganish davomida mazkur korxona ustav fondidagi ulushlari, yuridik shaxslar reestriga ko`ra, to`lig`icha bo`lim boshlig`i Ataniyazov Ikrom Boltaboevichning ukasiga tegishli ekanligi kuzatildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 iyuldagi “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-6019-sonli Farmoniga muvofiq oshkoralikni ta`minlash va davlat xaridi tartib-taomillarini yanada takomillashtirish maqsadida, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab Farmonning 2-bandiga asosan, davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega bo`lgan xo`jalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar to`qnashuviga ega bo`lgan xo`jalik yurituvchi sub`ekt davlat xaridlarini yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olishning yoxud to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar ishtirokchisi bo`lishi mumkin emas.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to`g`risida”gi qonunining 40-moddasida “Davlat xaridlari jarayonida manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilmaydi” – deb belgilangan.

Yuqoridagilarga asosan, Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo`limigi nisbatan belgilangan tartibda ish qo`zg`atildi.

Ishni ko`rib chiqish natijalariga ko`ra, tanlov savdosi bekor qilindi va “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi Kodeksning 178-qism 6-qismiga muvofiq rasmiylashtirilgan ma`muriy ish xujjatlari tegishli Sud organiga o`tkazildi.

 

    Boshqa yangiliklar