Ijtimoiy tarmoqlarda Shofirkon tumani “Sultonobod” MFY Yuqori Hasanxo`ja qishlog`ida yashovchi 96 yoshli Jabbor bobo Mardonovga go`yoki uning urush faxriysi sifatida Xotira va qadrlash kuni arafasida pul mukofoti tantanali tarzda topshirilganligi, biroq ushbu mablag` yana qaytarib olib ketilganligi to`g`risidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati ushbu xabarga rasmiy munosabat bildirdi.
"Ta`kidlash joizki, hozirda Buxoro viloyatida 19 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 658 nafar front orti mehnat faxriylari bo`lib, bayram arafasida ularning holidan xabar olish, urushning og`ir sinovli yillarida hamda undan keyingi davrda bugungi avlodning farovon yashashi uchun ko`rsatgan jasorat va matonatlari uchun alohida hurmat va e`tibor ko`rsatildi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi Farmoniga asosan, respublikamizning barcha hududlarida bo`lgani kabi Buxoro viloyat hududida istiqomat qiluvchi 19 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi, qimmatbaho sovg`asi hamda 12 million so`mdan bir martalik pul mukofoti bayram arafasida ularning yashash xonadonlari tashrif buyurgan holda keng jamoatchilik vakilari, harbiylar va yoshlar ishtirokida tantanali ravishda topshirildi. Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga viloyat hokimligi tomonidan 3 million so`mdan pul mukofoti, mahalliy hokimliklar hamda homiylarning sovg`alari taqdim etildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida keltirilgan Farmoniga muvofiq pul mukofoti beriladigan 19 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan bir qatorda front orti mehnat faxriylari, urushga ketib qaytib kelmaganlar hamda bedarak yo`qolganlarning oila a`zolariga viloyat hokimi hamda Mudofaa ishlari viloyat boshqarmasi boshlig`i nomidan tabriknomalar tayyorlanib, Xotira va qadrlash kuni arafasida etkazildi.
Shu jumladan, Buxoro viloyati bo`yicha ro`yxatga olingan 658 nafar front orti mehnat faxriylari qatorida qayd qilingan Jabbor bobo Mardonovning yashash uyiga 2021 yilning 7 may kuni Shofirkon tumani Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi bo`limi hamda Xalq banki mas`ul xodimlari borib, otaxonni bayram bilan qutlashgan, oila a`zolari va farzandlari ishtirokida viloyat hokimi nomidan tayyorlangan tabriknomani o`qib berib, tantanali ravishda taqdim etishgan.
Suhbat asnosida Jabbor bobo va uning oila a`zolari tabriknoma bilan birga pul mukofoti ham bor-yo`qligini so`rashgan. Mas`ullar Jabbor bobo Mardonovga viloyat hokimi nomidan topshirilgan tabrik bayramoldi keksa avlod vakillarini yo`qlash, ularning holidan xabar olish istagida tayyorlanganini, bu o`rinda pul mukofotlari berish nazarda tutilmaganligini ma`lum qilishgan. Shuningdek, otaxonga may oyi uchun tayinlangan pensiya 5 may kuni (ikki kun ilgari) berilganligi aytilgan va keyingi oylar uchun pensiya pullari ham vaqtida etkazib berilishi ta`kidlangan. Ushbu jarayonda bevosita ishtirok etgan front orti faxriysi Jabbor bobo Mardonovning kelini (o`g`li Jalil Mardonovning turmush o`rtog`i) ham otaxonni qutlash jarayonida aynan shunday mazmundagi suhbat bo`lganligini, pul mukofoti berilishi haqida aytilmaganligini, aksincha, pul mukofotlari Prezident Farmoniga asosan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga berilishi nazarda tutilganligi haqida aytilganligini tasdiqlaydi.
Jabbor bobo Mardonovning Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashab, o`sha erda ishlayotgan nabirasi Alisher Mardonov yuqoridagi holatlardan to`liq xabardor bo`lmasdan turib, ijtimoiy tarmoqlar orqali go`yoki Prezident Farmoni bilan bobosiga berilishi kerak bo`lgan pul mukofoti berilmaganligi haqida asossiz ma`lumotlarni tarqatgan.
Shu o`rinda, Alisher Mardonovga O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolar davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi Qonuniga asosan, 1941-1945-yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlagan va harbiy majburiyatni bajargan shaxslarga – pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 30 foizi miqdorida ustama belgilanganligini, bundan tashqari, uy-joy kommunal xizmatlari bo`yicha beriladigan imtiyozlar o`rniga pensiya hisoblash bazaviy miqdorining yana 25 foizi miqdorida kompensasiya oyma-oy to`lab kelinayotganligini, bunday imtiyozlardan Jabbor bobo Mardonov ham to`liq foydalanib kelayotganligini, shuningdek, yana boshqa bir qator engilliklardan foydalanish huquqiga ega ekanligini eslatib o`tmoqchimiz. Bu mamlakatimizda urush qatnashchilari va front orti faxriylari uchun davlatimiz tomonidan ko`rsatilayotgan e`tibor va g`amxo`rliklarning ayrimlari, xolos.
Aslida bugungi dorilomon kunlarimiz uchun jonini ayamagan, mehnati bilan farovon hayotimizga ulkan hissa qo`shgan qahramonlarimiz va faxriylarimiz uchun qancha e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatsak ham oz. Ammo ularni shunday nuroniy yoshlarida mehr bilan parvarishlash o`rniga chalg`itib, boz ustiga, yurtdoshlarimiz va dunyo jamoatchiligi ko`z o`ngida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga soya solishga urinish noto`g`riligini birdek his qilmog`imiz darkor.
P/S: Viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilgan o`rganishlardan so`ng Jabbor bobo Mardonovga oila a`zolarining talabiga ko`ra joriy yil 7 iyuldan Keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun Buxoro sanatoriysiga davolanish uchun yo`llanma ajratilishi ta`minlandi.






