Uzoq yillar davomida Chirchiq shahrida birorta ham ko`p qavatli uy-joy qurilmagan edi. Keyingi yillarda shahar qiyofasi tubdan yangilandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Chirchiqda o`nlab zamonaviy, zilzilabardosh va energiya tejamkor ko`p qavatli uy-joylar bunyod etildi. Xususan, 2017-2019 yillar davomida birgina “O`zshahar qurilish invest” IK tomonidan davlat dasturi asosida uy joyga ehtiyojmand oilalar uchun shaharda 18 ta 7 qavatli turarjoy qurib foydalanishga topshirilgan edi. 2020 yilda qurilishi boshlangan 2 ta 16 qavatli turarjoy majmuasi esa nafaqat Chirchiq shahri uchun balki, Toshkent viloyatida ham o`ziga hos yangilik bo`ldi.
Shahar qurilish investning ma`lum qilishicha, Mazkur uylar quyma temirbeton konstruksiya hisoblanadi. Har bir xonadon to`liq gazlashtirilgan va individual isitish tizimiga ega. Xonadonlar mo``tadil iqlimini saqlashi uchun bino tashqi devorlari bazalt mineral plitasi bilan qoplangan. Binoda ikkitadan zamonaviy yuk ko`tarish qobiliyati yuqori liftlar o`rnatilgan. Energotejamkor uylarda raqamlashtirilgan texnologiyalar keng qo`llanilgan bo`lib, yongin xavfsizligi, xavfsizlik choralari nanotexnologiyaga asoslangan holda ishlab chiqilgan.
Ayni paytda mazkur uylarda qurilish ishlari to`liq yakunlanib o`z egalariga foydalanishga topshirildi. Ushbu uylar aholiga 20 yillik ipoteka kreditlari asosida berildi. Hozirda hududda yana 2 ta har biri 80 xonadonli 16 qavatli uylar bunyod etilayotgan bo`lib, tez kunlarda tayyor holda foydalanishga topshiriladi.






