“Sog`liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2021 yil 15 iyundan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag` miqdori o`rtacha 3 baravarga oshiriladi.
Buning uchun 2021 yil investisiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so`m miqdorida mablag` ajratiladi.
Qarorga muvofiq, barcha sog`liqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingi joriy etilib, har chorakda natijalar Prezident Administrasiyasi va Hukumatga kiritib boriladi.
2021 yil 1 oktyabrga qadar joylarda, ayniqsa olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasi yaratiladi.
2021 yil 1 iyuldan ish staji 5 yil bo`lmagan oliy ma`lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog`liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.
Shuningdek, 2021–2022 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallari (91 ta) tashkil etiladi.
Maktabgacha ta`lim tashkilotlari va maktablarda to`g`ri ovqatlanishni yo`lga qo`yish maqsadida 2021/2022 o`quv yilidan yangilangan ovqatlanish rasioni hamda ushbu yo`nalish bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlarga talablar amaliyotga kiritiladi.
Bunda, bolalarning sog`lig`iga zarar va rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha ta`lim tashkilotlari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qo`yiladi.






