Avvalroq, Ichki ishlar vazirligi 2021 yil 25 may kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Yangiyo`l shahar sudida sudlanuvchilarning noqonuniy xatti-harakatlari to`g`risida ma`lumot bergan edik.
Oliy sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig`i Aziz Obidov holat yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berdi.
– Dastlabki tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “v” bandlari bilan ayblanuvchi M. Yunusaliev rahbarligidagi uyushgan guruh a`zolari G`. Murodjonov, E. Sharipov, S. Yulchiev, A. Qudratov, M. Daliev, A. Rasulov, D. Raimbekov, D. Bazarbaev, S. Qurbonov, S. Po`latov, E. Abdisalamov, E. Usmonov 2016 yil 1 yanvardan 2016 yil 16 iyungacha davom etgan jinoiy faoliyatlari mobaynida fuqarolardan naqd pul, avtomashina va ko`chmas mulklarni qabul qilib, ularning pul mablag`lari va ko`chmas mulklarini 10-12 oy ichida 2 - 2,5 barobar miqdorida ko`paytirib berishni va`da qilishgan. Shu yo`l bilan fuqarolarni qiziqtirib, jami 682 ta holatda 516 nafar jabrlanuvchining 2,3 mln. AQSh dollari va 1,4 mlrd. so`m miqdoridagi pul mablag`larini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritishda ayblanganlar.
Mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo`yicha Yangiyo`l shahar sudiga 2021 yil 22 fevral kuni kelib tushib, uni sud majlisida ko`rish 2021 yil 11 mart kuniga tayinlangan.
Raislik qiluvchi sudya F. Ishanxodjaev tomonidan joriy yilning 11 mart kunidan bugungi kunga qadar o`tkazilgan sud majlislarida jinoyat ishi bo`yicha 430 nafardan ortiq jabrlanuvchi, 7 nafar guvoh va 8 nafar sudlanuvchi so`roq qilingan. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchilar M. Yunusaliev, G`. Murodjonov, S. Yulchiev, A. Qudratov va E. Sharipov ko`rsatma berishdan bosh tortgan.
Murakkab va ko`p epizodli bo`lgan mazkur jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati 2021 yil 10 may kuni Toshkent viloyati sudi raisi tomonidan Jinoyat-prosessual kodeksi 405-moddasining 4-qismiga asosan to`rt oyga, ya`ni 2021 yil 12 iyulga qadar uzaytirilgan.
Joriy yilning 25 may kuni sudya F. Ishanxodjaevning raisligida o`tkazilgan navbatdagi sud majlisi jarayonida, taxminan soat 16:00 larda qamoqda saqlanayotgan sudlanuvchilar M. Yunusaliev, G`. Murodjonov, S. Yulchiev, A. Qudratov va E. Sharipov raislik qiluvchi tomonidan himoyachi D. Asqarovning iltimosnomasi rad qilinganini vaj qilib, uyushgan holatda tartibsizlik sodir etgan. Sudlanuvchilar M. Yunusaliev, S. Yulchiev va A. Qudratov o`zlarining yonlarida bo`lgan piska (lezvie) bo`lagi bilan qo`llarini tilib, o`zlarini qamoqdan ozod qilishni yoki aslida ularga tegishli bo`lib, “Ahmadboy”ning ishi bo`yicha musodara qilingan 6,5 mln. AQSh dollarini qaytarishni hamda sud majlisida Bosh vazir va Bosh prokuror ishtirok etishini talab qilishgan.
Hodisa sodir bo`lgan joyga Toshkent viloyati prokurori, viloyat IIBB boshlig`i, Yangiyo`l shahar prokurori, DXX bo`limi, IIB boshlig`i va Milliy gvardiya xodimlari etib kelishgan.
Sudlanuvchilar bilan hamkorlikda olib borilgan suhbat va tushuntirish ishlari natijasida, jismoniy kuch ishlatmagan holda ularni tinchlantirish va 1-sonli tergov hibsxonasiga etap qilishga erishilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda bayon qilingan 3 kg oltin va katta miqdordagi pul mablag`lari hamda qimmatbaho avtomashinalar muqaddam jinoyat ishlari bo`yicha Yangiyo`l shahar sudining 2020 yil 27 avgustdagi hukmi bilan sudlangan aynan shu sudlanuvchilarga oid jinoyat ishida ham, ayni vaqtda ko`rilayotgan 1-1119-2001/25-sonli jinoyat ishida ham ashyoviy dalil tariqasida e`tirof etilmagan va ishga qo`shilmagan.
Ushbu ashyolar boshqa jinoyat ishiga taalluqli, ya`ni jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining A. Tursunboev (“Ahmadboy”) va boshqalarga oid (jami 19 nafar shaxs) 2019 yil 20 maydagi hukmiga ko`ra, tergovchi N. Jalilovning 2016 yil 16 iyundagi “ashyoviy dalil tariqasida e`tirof etish haqida”gi qaroriga ko`ra, 2016 yil 18 iyundagi “ko`zdan kechirish va qayta sanash” dalolatnomalari hamda 7189, 639-sonli kvitansiyalar asosida O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Moliya-iqtisod boshqarmasiga topshirilgan 13 128 177 500 so`m pul, 2016 yil 24 iyundagi 7192-sonli kvitansiya asosida topshirilgan 12 017 282 AQSh dollari va 140 evro, 2017 yil 17 mart kuni 9/41-sonli kvitansiya asosida O`zbekiston Respublikasi Markaziy Banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga topshirilgan, umumiy vazni 2 837,43 grammni tashkil etuvchi 545 871 235 so`mga baholangan 16 turdagi 45 dona zargarlik buyumlari jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab berish belgilangan.
Mazkur hukmga nisbatan keltirilgan kassasiya shikoyati jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudi kassasiya instansiyasida ko`rib chiqilib, kassasiya instansiyasining 2020 yil 9 yanvardagi ajrimiga ko`ra, hukmning fuqaroviy da`voga oid qismi o`zgarishsiz qoldirilgan.
M. Yunusaliev va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan navbatdagi sud majlisi 2021 yil 28 may kuniga tayinlangan.