O`zbekiston Respublikasi Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasida Germaniyaning «Vogt Medical» kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi. Unda, xususan, mamlakatimizda innovasion raqamli rentgen tizimini joriy etish imkoniyatlari muhokama etildi. Bu haqda Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Milliy palata raisi Rovshan Izamov 2021 yil 21 mayda bo`lib o`tgan uchrashuv davomida O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimi yurtdoshlarimizga ko`rsatiladigan tibbiy xizmatning sifatini doimiy ravishda oshirib borish uchun eng ilg`or uslublarni o`zlashtirishni maqsad qilganligini ta`kidladi.
O`z o`rnida Germaniya hamkorlik kompaniyasi asoschisi va uning bosh direktori Mixail Fogt O`zbekistonning muttasil rivojlanib borayotgan sog`liqni saqlash tizimi eng ilg`or muallif-kompaniyalar va so`ngi avlod texnologiyalarini ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg`otayotganini alohida ta`kidladi.
Tomonlar eng avvalo innovasion tibbiy uskunalarning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalana oladigan mutaxassislar tayyorlash zarurligi to`g`risida bir fikrga keldilar. R. Izamov tashabbusi bilan tomonlar skrining bo`yicha dastlabki loyiha imkoniyatini ko`rib chiqadilar. Bu esa O`zbekistonning hududlaridagi shifokorlariga innovasion nemis uskunasini o`zlashtirib olish, uning ish rejimidagi natijalarini tahlil etish imkonini beradi.
Germaniya tomoniga Milliy palataning mamlakatimizning har bir viloyatidagi hududiy bo`linmalari imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, unday loyihani ishga tushirish uchun sharoitlar mavjud ekanligi haqida ma`lumot berildi.






