Madaniy boyliklarni bojxona nazoratidan yashirib olib chiqishga bo`lgan urinish naf bermadi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo`mitasi Axborot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 23 martdagi “O`zbekiston Respublikasida madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi masalalarini tartibga solish to`g`risida”gi qarorida O`zbekiston xalqi madaniy merosining saqlanishini ta`minlash, madaniy boyliklarning qonunga xilof ravishda olib chiqilishi va olib kirilishidan muhofaza qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar O`zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketilmasligi belgilab berilgan.
Bugungi kunda madaniy boyliklarni yurtimizdan turli nayranglar bilan noqonuniy olib chiqishga bo`lgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Termiz aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan bojxona chegaralari orqali madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda yurtimiz hududidan olib chiqishga uringan shaxs to`xtatib qolindi.
Mazkur post orqali “Termiz-Domodedova” yo`nalishida uchib ketayotgan fuqaro J.B. yashil yo`lak orqali harakatlanar ekan, unga tegishli bo`lgan sumka rentgen apparatidan o`tkazildi.
Natijada, mazkur sumkada og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, sumka ichidagi oq ro`molchaga o`ralgan ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan, respublika hududidan olib chiqilishi taqiqlangan 2 dona qadimiy tangalar borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






