Toshkent viloyati Chinoz tumanida fuqaroning uyiga bosqinchilik uyushtirib, hech narsa topa olmay, yashiringan 5 nafar erkak qo`lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Joriy yilning 23 may kuni 33 yoshli S.A. Chinoz tumani IIBga ariza bilan qilgan murojaatiga ko`ra, joriy yilning 21 may kunidan 22 may kuniga o`tar kechasi soat 01:15 larda noma`lum shaxslar yuzlariga niqob kiygan holda Chinoz tumani Navoiy ko`chasida joylashgan yashash uyiga g`ayriqonuniy ravishda bostirib kirib, turmush o`rtog`i — 33 yoshli S.Z. va uning o`ziga hujum qilib, urib do`pposlab, pul berishlarini talab qiladi.
Bosqinchilar uydan hech narsa topa olmaganidan so`ng hodisa joyidan yashirinadi. Murojaatchi ushbu fuqarolarni aniqlab qonuniy chora ko`rishlarini so`ragan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Chinoz tumanida yashovchi 44 yoshli I.A, A.F., R.D., 25 yoshli B.Sh., 19 yoshli B.B.lar sodir etgani aniqlanib, ulardan 2 dona qora niqob, 1 dona sport kepkasi, 1 dona skotch o`rami ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Chinoz tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, I.A., A.F., R.D., B.Sh. va B.B.lar prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






