Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 1-son tug`ruq kompleksiga homilador ayolini olib kelgan er tomonidan suratga olingan videomaterialga ko`ra, homilasi etilib, tug`ruq og`riqlari boshlangan bo`lsa-da, ayolni ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilishmagan hamda unga shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatilmagan. Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur masala yuzasidan vazir Abduhakim XADJIBAEV tug`ruqqa ixtisoslashgan shahar va respublika tibbiyot muassasalari bosh vrachlari ishtirokida tezkor yig`ilish o`tkazdi (har doimgi tizim). Unda sog`liqni saqlash tizimining xalqimiz oldidagi obro`yiga putur etkazishi mumkin bo`lgan bunday salbiy holatlar keskin tanqid qilinib, boshqa uni takrorlanmasligi bo`yicha qat`iy ogohlantirishlar berildi, vaziyatga oydinlik kiritilib, aybdorlarga tegishlicha choralar ko`rilishi ta`kidlandi (yangilik emas!).
Ushbu vaziyat Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan o`rganilganda homilador ayol O.S. 2000 yilda tug`ilgan bo`lib, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida doimiy ro`yxatda turib, hozirda Toshkent viloyati Yangiyo`l tumanida istiqomat qilishi ma`lum bo`ldi. Dastlabki ma`lumotlarga qaraganda, ushbu voqea tarqalgan xabarlarda aytilganidek, 5 may kuni emas, shu yilning 29 aprel kuni sodir bo`lgan. Shu kuni soat 04:25 da ayolni turmush o`rtog`i X.M. tug`ruq og`riqlaridan shikoyat qilgani uchun Toshkent shahar 1-son tug`ruq kompleksiga olib kelgan. Navbatchi shifokor ayolni ko`rikdan o`tkazib, “Homiladorlik 1, 41-hafta. Tug`ruqning 1-davri latent fazasi” tashxisini qo`ygan. Ammo ayolning almashuv varaqasida Yangiyo`l tumani 69-son qishloq shifokorlik punktida ro`yxatda turganini inobatga olib, dislokasiya bo`yicha Yangiyo`l tumani tug`ruq kompleksiga yoki Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasidagi tug`ruq bo`limiga borish tavsiya qilingan. Shu kuni soat 5:40 lar atrofida homilador ayol turmush o`rtog`i tomonidan chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi tug`ruq bo`limiga olib borilgan va u erda “Homiladorlik 1, 41-hafta. Tug`ruqning 1-davri” tashxisi bilan qabul qilingan. 2021 yil 29 aprel kuni soat 7:40 da og`irligi 3 700 gr bo`lgan qizaloq dunyoga kelgan. Tug`ruqdan keyingi davr asoratsiz o`tgan. Shu yilning 3 may kuni ayol farzandi bilan ahvoli qoniqarli holatda uyiga javob berilgan.
Ushbu vaziyat yuzasidan o`zi mas`ul bo`lgan yo`nalishda shunday salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko`rmagani uchun Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig`ining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda reproduktiv salomatlik bo`yicha o`rinbosari R.Haitbaeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Tibbiyot muassasasida ushbu qo`pol holatga yo`l qo`yilgani uchun ushbu tug`ruq kompleksi bosh shifokori R. Alimjanova ham egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, o`z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatmagani uchun qator tibbiyot xodimlariga ham tegishli choralar ko`rildi.
Xulosa o`rnida: To`g`ri, bu ishga sababchi bo`lgan shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Va bu ular uchun go`yo “jazo bo`ldi”. Ammo bugun bu shifoxona bilan bekor qilingan shartnoma ertaga boshqasi bilan qayta tuzilmasligiga kim kafolat beradi? Bugun bu tibbiyot muassasasida eski qolipdagi tizim munosabatini o`zgartirmagan oq xalat egasi boshqasiga borganda o`zgarib qolarmikan? Ana shu savol biroz o`ylantiradi... Sizchi, siz nima deysiz? Munosabatlaringizni +99895-194-64-16 telefon raqamiga qo`ng`iroq qilib qoldirishingiz yoki @darakchipochta telegram manziliga yo`llashingiz mumkin. Unutmang, sizning munosabatingiz nafaqat biz uchun, balki jamiyat uchun ham muhimdir...






