“Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga ko`ra, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etildi.
2022 yil 1 yanvardan mazkur Markaz Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil faoliyat yuritadi.
2021 yil 1 sentyabrga qadar ushbu yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi negizida 300 o`rinli zamonaviy Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, suyak ko`migi o`zak hujayralarini ko`chirib o`tkazish amaliyoti birinchi bosqichda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik esa Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida ham joriy etiladi.
2021–2022 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi bo`limi negizida Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo`limlari tashkil etiladi.
Qarorga ko`ra, onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog`liq xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda qo`shimcha 60 mlrd so`m hamda 2022 yildan boshlab 125 mlrd so`mdan kam bo`lmagan miqdorda mablag` ajratiladi.






