AsosiyJamiyat

Turli dasturlardagi qoloqliklarni bartaraf etish uchun vazirlar va Prezident Administrasiyasi mas`ullari viloyatlarga biriktiriladi. Kim qaerga mas`ul? (ro`yxat)

'Turli dasturlardagi qoloqliklarni bartaraf etish uchun vazirlar va Prezident Administrasiyasi mas`ullari viloyatlarga biriktiriladi. Kim qaerga mas`ul? (ro`yxat)'ning rasmi

Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoev hududlarda ipoteka dasturlarini amalga oshirish, ko`p kvartirali uy-joylar massivlarini barpo etish, ularni infratuzilma bilan ta`minlash hamda xizmat ko`rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishini o`tkazmoqda. Bu haqda yig`ilishdan “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar bermoqda. 

Yig`ilishda keltirilgan hisobotda keltirilishicha, joriy yilgi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini uy-joy bilan ta`minlash doirasida 7 ming 794 taqishloq va mahalla uchun 18 trillion so`m, aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, ichki yo`llarni qurish va ta`mirlash ishlariga, yana qo`shimcha 300 million dollar ajratilgan.

Natijada:

  • ichimlik suvi ta`minoti sohasida 1 ming 300 kilometr tarmoqlar qurildi va rekonstruksiya qilingan;
  • 8,5 ming kilometr ichki yo`llar ta`mirlangan;
  • 2 ming kilometr elektr tarmoqlari tortilgan;
  • 1 mingta transformatorlar yangilangan.

Lekin, barcha sohalar va hududlarda ham ishlar bir xilda sifatli bajarilmagan. Misol uchun,jami 256 ta (13 foiz) ijtimoiy soha ob`ektlarining loyiha hujjatlari ishlab chiqilmagan bo`lsa, 600 ta (47 foiz) ob`ektlar bo`yicha tender yakunlanmagan (290 ta maktab, 164 ta bog`cha, 110 ta tibbiyot muassasasi, 12 ta madaniyat, 22 ta mahalla va 2 ta sport ob`ekti).

Jumladan, Xorazmda – 36 ta (49 foiz), Namanganda – 68 ta (64 foiz), Toshkent viloyatida – 104 ta (64 foiz), Farg`onada – 58 ta (50 foiz), Toshkent shahrida – 17 ta (85 foiz) ob`ektlar bo`yicha tenderlar boshlanmagan.

Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha 368 ta ob`ektda ishlar amalga oshirilishi belgilangani bilan, hozirgacha Toshkent shahri, Navoiy, Namangan, Samarqand va Farg`ona viloyatlaridan boshqa hududlarda ishlar boshlanmagan. 

Shu bilan birga prezident topshirig`iga ko`ra, dasturlarni amalga oshirishda qoloqliklar mavjud hududlarga Prezident Administrasiyasi, Hukumat, Hisob palatasi va vazirliklardan mas`ul rahbarlar yil yakuniga qadar biriktiriladi:

  • Favqulodda vaziyatlar vaziri Tursunxon Xudaybergenov – Qoraqalpog`iston va Jizzaxga;
  • Bosh vazirning birinchi o`rinbosari Ochilboy Ramatov – Qashqadaryo va Samarqandga;
  • Prezident maslahatchisining birinchi o`rinbosari B.Islomov va Hisob palatasi raisining o`rinbosari S.Saidkarimov – Toshkent viloyatiga;
  • Prezident maslahatchisining o`rinbosari A.Usmonov – Toshkent shahriga;
  • Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov – Xorazmga;
  • Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov – Buxoroga;
  • Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri o`rinbosari BotirParpiev – Surxondaryoga;
  • Qo`ldoshev – Sirdaryoga borib, barcha masalalarni joyida hal etishga yordam beradi.

Tursunxon Xudaybergenov, Ochilboy Ramatov biriktirilgan hududlardan tashqari, barcha hududlarda ishlarning borishiga hamda muammolarni joyining o`zida hal etilishiga shaxsan mas`ul va javobgar bo`ladilar.

Umuman, Ramatov, viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, dasturlarda joriy yil uchun belgilangan barcha ishlarni 1 oktyabrga qadar yakunlashi kerak”, - dedi davlat rahbari.

 

    Boshqa yangiliklar