O`zbekiston Futbol Federasiyasining majlislar zalida futzal bo`yicha terma jamoa a`zolarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Unda Federasiya prezidenti Mirabror Usmonov, birinchi vise-prezident Sardor Rahmatullaev va O`zbekiston Futzal Assosiasiyasi prezidenti Fazliddin Sirojiddinov ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zbekiston futbol Federasiyasi rasmiy sayti.
Marosimni kirish so`zi bilan ochib bergan Sardor Rahmatullaev futzal bo`yicha Osiyo chempionati va uni tashkil etishda ishtirok ishchi guruhining barcha a`zolariga tashakkurnoma izhor qilib, bosh maqsad – jahon chempionati yo`llanmasi qo`lga kiritilganligi bilan O`zbekiston milliy terma jamoasini, O`zbekiston futzal assosiasiyasini tabrikladi. Sardor Rahmatullaev, shuningdek, ushbu yo`llanmani qo`lga kiritish uchun tegishli mutasaddilar yillar davomida ish olib borganini va yakunda maqsadga erishilganini aytar ekan, buning uchun eng avvalo sportga e`tiborni qaratayotgan O`zbekiston hukumatiga alohida tashakkur bildirdi va 2015 yil muvaffaqiyatli tugaganini va u O`zbekiston futzali tarixidagi eng muvaffaqiyatli davr bo`lganligini urg`uladi.
Shundan so`ng boshlovchi O`zbekiston Futzal Assosisiyasining Ijroiya Qo`mitasi qarorini o`qib eshittirildi. O`FF Bosh kotibi Sardor Rahmatullaev va O`zbekiston Futzal Assosiasiyasi Prezidenti Fazliddin Sirojiddinov terma jamoa a`zolariga gul va pul mukofotlarini topshirdi.
Sardor Rahmatullaev O`zbekiston Futzal Assosiasiyasi vise-prezidenti Jahongir Usmonovga O`zbekiston Futbol Federasiyasining brilliant ko`zli nishonini topshirdi.
Ushbu nishon bungacha faqat 4 kishiga, ular – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, FIFAning sobiq prezidenti – Zepp Blatter, O`zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov va FIFA referisi Ravshan Ermatovlargagina topshirilgan bo`lib, Jahongir Usmonov ushbu ordenni qabul qilib olayotgan beshinchi shaxs sifatida tarixga kirdi.
Bu orada Sardor Rahmatullaev OFK Prezidenti Shayx Salmonning futzal bo`yicha Osiyo chempionatini muvaffaqiyatli tashkil etilgani munosabati bilan O`FFga yo`llagan tabriknomasini o`qib eshittirdi. Shundan keyin Rahmatullaev Assosisiya prezidenti Fazliddin Sirojiddinovga O`FFning maxsus nishonini taqib qo`ydi.
Marosim yakunida Mirabror Usmonov so`zga chiqib, O`zbekiston futzal terma jamoasining barcha a`zolariga alohida tashakkur bildirib, Kolumbiyada bo`lib o`tadigan jahon chempionatida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.





