AsosiyJamiyat

Chirchiqda qo`mondonlik-shtab o`quv mashg`uloti o`tkazildi

'Chirchiqda qo`mondonlik-shtab o`quv mashg`uloti o`tkazildi'ning rasmi

“Chirchiq” poligoni hududida joylashgan Dala modellashtirish va simulyasiya markazida kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda batalon taktik guruhining jangovar qo`llanishiga oid qo`mondonlik-shtab o`quv mashg`uloti o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti ma`lum qildi.

Ikki bosqichdan iborat bo`lgan taktik o`quvlarda Toshkent harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligi, uning tasarrufidagi harbiy qism va bo`linmalar mas`ul ofiserlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari, Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan tegishli vazifalarni bajarish bo`yicha hamkorlikda ish olib borildi.

Mashg`ulot rejasiga ko`ra ishtirokchilar bilan birinchi bosqichda taktik tayyorgarlik, razvedka, harbiy topografiya, aloqa tayyorgarligi, elektron ishlashni o`rganish va elektron hujjat aylanishi (geoinformasion tizim) hamda modellashtirish va simulyasiya vositalari yordamida raqamli xaritada taktik topshiriqlarni bajarish bo`yicha nazariy va amaliy mashg`ulotlar bajarildi.

O`quvning ikkinchi bosqichida bo`linmalarga jangovar operativ-taktik kompyuter trenajyori (JCATS) kompleks dasturidan foydalangan holda tegishli yo`nalish bo`yicha qo`shinlar maxsus harakatlarini olib borish vazifasi qo`yildi.

Unga ko`ra batalon taktik guruhi davlat chegaralarini qo`riqlash va mudofaa qilishni kuchaytirish, noqonuniy qurolli tuzilma jangarilarining harakat yo`nalishida o`tish mumkin bo`lgan joylarni to`sish, razvedka-diversion guruhlar bilan ishlagan holda shaharlar va aholi punktlari xavfsizligini ta`minlash hamda boshqa favqulodda holatlarni bartaraf qilishda amaliy vazifalarni bajarishga kirishdi.

Fursatdan fodalanib real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan mashg`ulotda o`zining komandirlik qobiliyatini sinab ko`rayotgan harbiy xizmatchilarning taassurotlari bilan qiziqdik.

— Ko`rib turganingizdek ayni paytda guruhim bilan yuqori qo`mondonlik tomonidan berilgan vazifani bajarishga kirishganmiz, — deydi mashg`ulot ishtirokchisi katta leytenant Ilyos Abdurahmonov. — Xususan, mazkur dasturda qo`riqlov otryadlaridan belgilangan zastavalarga chiqqan holda qo`l ostimdagi “jangovar bo`linma”ni buyurilgan topshiriq asosida to`g`ri harakatlantirish, kutilmagan vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, guruhimda mavjud guruh va o`qotar qurollardan unumli foydalanib “shartli dushman”ning davlat chegarasini buzib o`tishiga to`sqinlik qilish, kerak bo`lgan taqdirda uni yakson qilish amallarini bajaryapmiz. Albatta, bu bizning soha bo`yicha salohiyatimizni yanada oshiribgina qolmay, favqulodda vaziyatlarda kuch tuzilmalarining birgalikda harakatlanish tajribalarini ham mustahkamlaydi.

Shubhasiz, o`quv ishtirokchilari qatorida ijodiy jamoamiz bilan dala sharoitida taktik holatni har tomonlama baholash, ma`lum yo`nalishlar bo`yicha muhim va tezkor qaror qabul qilish jarayonlarida bo`linma, o`qotar qurol va maxsus vositalarning raqamli xaritada gavdalanayotgan jonli harakatlarini kuzata turib, haqiqiy jang maydonini his qilib ko`rdik, desak mubolag`a bo`lmaydi.

Nihoyat bir necha kun davom etgan qo`mondonlik-shtab o`quvlari yakunlanib, erishilgan natijalar bo`yicha sarhisob vaqti etib keldi.

Umumiy xulosalarga ko`ra, bo`linma komandirlarining harakatlari yuqori baholanib, nisbatan yo`l qo`yilgan ayrim xato va kamchiliklar eslatildi. Yuqori rahbariyat tomonidan navbatdagi o`quv jarayonlarida aynan qanday jihatlarga ahamiyat berish kerakligi borasida atroflicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi soha mutaxassislariga yuklatildi.

    Boshqa yangiliklar