AsosiyJamiyat

Qonun ma`qullandi: O`zbekistonda prezident saylovi byulletenida ko`rsatilishi kerak bo`lgan norma bekor qilinmoqda

'Qonun ma`qullandi: O`zbekistonda prezident saylovi byulletenida ko`rsatilishi kerak bo`lgan norma bekor qilinmoqda'ning rasmi

Senatning o`n beshinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni ochiq, shaffof va mustaqillik prinsiplari asosida o`tkazishda xalq hokimiyati va siyosiy plyuralizmning huquqiy asoslarini mustahkamlash va saylov tizimini bosqichma-bosqich modernizasiyalash bo`yicha bir qator amaliy choralar ko`rildi.

Ma`lumki, Senatning 12-yalpi majlisida “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” Qonunni ma`qullangan edi va bu xalqaro va milliy ekspertlarning tavsiyalariga ko`ra qabul qilinib, xalqaro ham jamiyat tomonidan ham ijobiy baholangan edi.

Amaldagi saylov to`g`risidagi qonunchilikning tahlillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida ayrim muammolar mavjudligini ko`rsatmoqda.

EXHT saylovlari bo`yicha missiyasi tomonidan esa saylovchilar bilan uchrashuvlarni o`tkazish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmasligini va nomzodlar ularning o`tkazish joyi va vaqti haqida tegishli hokimliklarni 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilishi lozimligini belgilash tavsiya etilgan.

EXHT saylovlari bo`yicha missiyasi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni faqat sud ko`rib chiqishini belgilashni tavsiya qilgan.

Muhokama qilingan Qonun bilan saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlarni nazarda tutgan holda, u bilan milliy ekspertlar tavsiyalari asosida quyidagi o`zgartishlar kiritilmoqda:

- yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko`rib chiqishni chiqarib tashlash;

- O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha okrug saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o`rinbosari, kotibi va o`n bir – o`n sakkiz nafar komissiya a`zosidan iborat tarkibda tuzilishini belgilash;

- saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg`ulotining turi), ish joyi ko`rsatilishi haqidagi normani chiqarib tashlash;

- saylovda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo`llab-quvvatlab imzo qo`yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikasiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligini belgilash;

- saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o`tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o`tkazilishi, bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni o`tkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligini belgilash.

Ushbu Qonunni qabul qilish milliy saylov qonunchiligimizni umume`tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yanada takomillashtirishga va mazkur yo`nalishda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni xalqaro hamjamiyatga etkazishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar