Oliy Majlis Senatining o`n beshinchi yalpi majlisida Surxondaryo viloyati Denov tumani Kengashining qarorining qonuniyligi to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga kelib tushgan murojaatlar asosida xalq deputatlari Denov tumani Kengashining 2020 yil 19 noyabrdagi “Tumanda shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan, er ijara shartnomasiga qisman o`zgartirish kiritilayotgan, yangidan tashkil qilinayotgan va qo`shimcha er maydoni olayotgan fermer xo`jaliklarining faoliyatini ko`rib chiqish to`g`risida”gi 123/25-06-sonli qarorining qonuniyligi Senatning Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitasi tomonidan o`rganib chiqildi.
Qaror bilan tumandagi “DENOV AGRO-PILLA” MChJning Xazorbog`, Oxunboboev, G`alaba, O`zbekiston hududlaridagi 114,23 gektar er maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.
Xususan, Qarorning 2-bandida tumandagi 9 ta paxta va g`allachilik fermer xo`jaligi bilan tuman hokimligi o`rtasida tuzilgan uzoq muddatli er ijara shartnomasi bekor qilinishi, 5-bandida qator fermer xo`jaliklari bilan tuzilgan er ijarasi shartnomalariga o`zgartirish kiritilayotgan fermer xo`jaliklari soni tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Ammo amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining fermer xo`jaliklari, qishloq xo`jaligi korxonalari va boshqa tadbirkorlik sub`ektlari hamda hokimlik o`rtasidagi shartnomaviy huquqiy munosabatlarga aralashish vakolati mavjud emas.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq agar Fuqarolik kodeksida, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo`lsa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o`zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Qayd etilganidek, Er kodeksining 24-moddasiga hamda “Fermer xo`jaligi to`g`risida”gi Qonunning 13-moddasiga ko`ra er uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.

Ushbu masala bo`yicha keltirilgan ma`lumotlarga asosan Oliy Majlis Senati Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Denov tumani Kengashining 2020 yil 19 noyabrdagi “Tumanda shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan, er ijara shartnomasiga qisman o`zgartirish kiritilayotgan, yangidan tashkil qilinayotgan va qo`shimcha er maydoni olayotgan fermer xo`jaliklarining faoliyatini ko`rib chiqish to`g`risida”gi qarori qonunchilikka zid deb topib, uni bekor qilish to`g`risida qaror qabul qildi.






