28 may kuni internet tarmog`ida “Vodiylik bo`lganimiz aybimizmi?” sarlavhali video tarqalib, unda yo`l harakati qatnashchilari va Toshkent shahar IIBB xodimlarining kelishmovchiliklari aks etgan. Mazkur voqea bo`yicha IIBB quyidagilarni ma`lum qilmoqda.
Videoga tushirilgan holat 25 may kuni taxminan soat 03.00 da Chilonzor tumani “Erkin” YPX postida ro`y bergan. Mazkur postda Toshkent shahar IIBB xodimlari poytaxtga kirmoqchi bo`lgan “Chevrolet Tracker” rusumli avtomobilni to`xtatishgan. Haydovchi va uch nafar yo`lovchilar tekshirilib, avtomobil saloni xizmat iti yordamida tekshirilganiga fuqarolar norozilik bildirib, holatni videoga tushirishni boshlashgan. Videoga tushirish davomida ular odob doirasidan chiqib, masofa saqlamasdan va o`zaro hurmat bilan muloqot qilishdan bosh tortishgan.
Toshkentga kirishdagi postlar va blok-postlardagi tekshiruvlar “Qoradori” va “Tig`” maxsus tadbirlar doirsadi o`tkazilib, ular davomida giyohvandlik moddalao va sovuq hamda jangovar qurollarni aniqlashga qaratilgan. Tekshiruvlar mintaqaviy mansublik sababli o`tkazilishi bilan bog`liq ayblovlar asossiz bo`lib, rasmiy resurslarimizda poytaxt avtomobillari ham tekshirilishi haqida ma`lumotlar etarlidir. Mazkur tadbirlarning boshidan buyon poytaxtda taqiqlangan moddalarning tarqalishining oldi olinib, sovuq qurollar musodara qilinmoqda. Bu kabi tadbirlarni o`tkazishning muhimligida shubha yo`q va biz ularning fuqarolardan buni tushunishlarini iltimos qilamiz.
Tekshiruv davomida Toshkent shahar IIBB Kinologiya xizmati itining qo`llanilishi to`g`risida bayonnoma tuzilib, xolislar ishtiroki ham ta`minlangan. Tekshiruv haydovchi yoki yo`lovchilar tomonidan qoidabuzarlikni aniqlamaganligi sababli, ularning hujjatlari qaytarib berilgan.
Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan yuqoridagi holat bo`yicha xizmat davomida bodikameraning yoqilgani hamda inspektorlar tomonidan muloqot davomida qonunbuzarlikka yo`l qo`yilganini tekshirish maqsadida xizmat tekshiruvi o`tkazish topshirig`i berildi.






