AsosiyJamiyat

Komil Allamjonov deputatlar va senatorlardan OAVni moliyaviy jihatdan “o`ldiradigan” qonun loyihasini ma`qullamaslikni so`ramoqda

'Komil Allamjonov deputatlar va senatorlardan OAVni moliyaviy jihatdan “o`ldiradigan” qonun loyihasini ma`qullamaslikni so`ramoqda'ning rasmi

Yangi tahrirdagi "Reklama to`g`risida" qonun loyihasi birinchi o`qishda deputatlarning 98,4 foiz ovozi bilan ma`qullandi. Ammo uning ba`zi bandlari muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Yangi qonun ommaviy axborot vositalari, ayniqsa telekanallar bugungi kunda olib turgan daromadning keskin kamayishiga va tadbirkorlarning o`z mahsulotlari va xizmatlarini realizasiya qilishda jiddiy muammolarga olib kelishi mumkinligi aytilmoqda.

 

Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham bu borada o`z e`tirozlarini bildirdi.

 

"– Eng qizig`i, bizdan ham bu borada taklif so`rashgan edi. Lekin tushunishimizcha, O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi bizning takliflarni kiritmagan yoki yana boshqa sabab bor. Hozircha bizga bu qorong`u. Vaholanki, Bosh vazirimiz boshchiligida o`tkazilgan yig`ilishda ushbu masala muhokama qilinib, matbuot sohasidagi qonun loyihasi, albatta, matbuotchilar bilan kelishilgan holda, ularni “o`ldirish” emas, balki moliyaviy rivojlanishiga omil bo`ladigan ko`rinishda kiritilishi kerakligi ta`kidlangan edi.  

Bundan tashqari, deputatlarimiz ham biror xujjat qabul qilishdan oldin, sal mas`uliyatni his qilib, o`sha qonunlar oqibatini ham o`ylasalar yaxshi bo`lardi. Tuppa-tuzuk ishlab turgan tizimni buzishni kimga keragi bor? Ushbu hujjat 98,4% ovoz bilan birinchi o`qishda qabul qilinibdi. Bu degani deyarli hech kim qarshi bo`lmagan bu cheklovlarga. Maqsadingiz tushunarsiz.

Mana personallashtirish haqida qabul qilgan qonuningiz ham umuman ishlamayapti. Unga asosan hozirda barcha gigant IT-kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, Google Facebook, Instagram, TikTok, YouTube va Yandex dengi kabi bank to`lov tizimlari kabilar o`z serverlarini respublikamiz hududiga o`rnatishlari aks holda jarimaga tortilishi va ishlay olmasligi kerak. Vaholanki, Facebook, Google va boshqa ijtimoiy tarmoq va platformalar nafaqat jarima, balki vazirliklar so`roviga javob ham bermayapti. Shartimizga gigantlar ko`nmasa ertaga nima bo`ladi? Yana o`chirib qo`yamizmi? Balki Shimoliy Koreyaga xavas qilayotgandirsiz?Albatta, bu boshqa masala.  

Hurmatli deputatlar, agar mahalliy matbuot o`lsa, ertaga, hatto, o`z saylov kampaniyangizni ham chet el matbuoti orqali yalinib, yolvorib amalga oshirishingizga to`g`ri kelib qolishi mumkin. Undan tashqari, o`zi shundoq ham oson bo`lmagan kunlarni boshidan o`tkazayotgan davlat byudjetiga ham sezilarli zarar keltiradi bu hujjat.  

Xususiy telekanallar byudjet puliga emas, faqatgina reklama orqali kun ko`radi va rivojlanadi. Agar reklamaga o`ylab, o`ylamay to`siqlar qo`yilsa, yana hamma kabel telekanallari, Rossiya va xorij kanallarini ko`rishga o`tadi, ular g`oyasi bilan boqiladi. Yoki shumi maqsad?  

Mass-media fondi ushbu qonun loyihasiga mutlaqo qarshi. Biz barcha matbuotchilar nomidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senatdan jurnalistlarni qo`llab-quvvatlash, uning rivojiga g`ov bo`ladigan, uni moliyaviy jihatdan “o`ldiradigan” qonunlar qabul qilish va ma`qullashning oldini olishni so`rab qolamiz" – deydi  Komil Allamjonov .

 

    Boshqa yangiliklar