Toshkent viloyati Nurafshon tumanida “Tadbirkor migrant” loyihasi bo`yicha o`quv kurslarini tamomlayotgan 30 nafar mehnat migrantiga sertifikatlar topshirildi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar berdi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Toshkent viloyati Nurafshon tumani hokimligi, Respublika Savdo-sanoat palatasi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi mas`ul xodimlari ishtirok etdi.
“Tadbirkor migrant” loyihasi Tashqi mehnat migrasiya agentligi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan bo`lib, undan ko`zlangan asosiy maqsad, O`zbekistonda xorijda ishlab, malaka orttirib qaytgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishni qo`llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka yo`naltirish bo`yicha metodik bilim va tavsiyalarni berishdan iboratdir.
O`quv jarayoni Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida tajribali biznes trenerlar tomonidan olib borilmoqda. O`quv kursini tashkil etish bilan bog`liq xarajatlar Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplab beriladi.
Toshkent viloyati bo`yicha bu kabi o`quv kurslariga jami 340 nafar mehnat migranti, jumladan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni jalb qilish ko`zda tutilgan. O`qishni bitirgan tinglovchilarga maxsus sertifikatlar beriladi. Kelgusida ularni o`z biznesini ochish va rivojlantirishga amaliy yordam berib boriladi.
O`quv dasturi bo`yicha kurslar 14 aprel kunidan boshlab o`tkazilmoqda. Shu kunga qadar jami 55 nafar fuqaro tadbirkorlikka o`qitildi.
Umuman olganda mamlakatimiz bo`yicha joriy yilda 4,5 ming nafardan ortiq shu toifadagi mehnat migrantlarini tadbirkorlikka o`qitish rejalashtirilgan.
Xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini tadbirkorlikka o`qitish, ularga o`z biznesini tashkil etish uchun tijorat banklari kreditlarini ajratish orqali moliyaviy qo`llab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda.






