Andijon viloyati Jalaquduq tumanida chet el valyutasini noqonuniy ravishda sotgan 3 nafar fuqaro ushlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jalaquduq tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Z.S., N.Yu. va A.T.lar noqonuniy ravishda valyuta qimmatliklarini o`tkazish orqali daromad orttirishni ko`zlab fuqaroga 9 000 AQSh dollarini 95,4 mln so`mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o`tkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, chet el valyutasini ayirboshlashni faqat bank muassasasi yoki uning shahobchalari orqali amalga oshirishingizni so`rab qolamiz, bu bilan nafaqat o`zingizni asragan bo`lasiz, balki qalbaki valyuta qimmatliklariga duch kelishni oldini olasiz.






