1

Xalqaro gullar festivali g`oliblari taqdirlandi

Jamiyat 31.05.2021, 23:45
Xalqaro gullar festivali g`oliblari taqdirlandi

Namanganda qariyb o`n kun davom etgan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus farmoyishi asosida o`tkazilgan 60-an`anaviy Xalqaro gullar festivali chin ma`noda dillarga ifor va shukuh bag`ishladi.

Festival g`oliblarini taqdirlash marosimi viloyat markazidagi muhtasham "Afsonalar vodiysi" tematik parkida tashkil etildi.

Festivalning asosiy tantanalari o`tkazilgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida betakror gul ko`rgazmalari, turfa madaniy-ma`rifiy va ko`ngilochar dasturlar barchaga zavq ulashdi. Nafosatdan bahramand bo`lish uchun o`ttizga yaqin davlatlardan sayyohlar Namanganga tashrif buyurdi.

– Gullar festivalidagi bir-birini takrorlamaydigan kompozisiyalarni ko`rib, ochig`i hayratlandim, – deydi Pokiston Islom Respublikasining Lahor shahridan kelgan turist Anik Tahir. – Bu ajoyib gullar kishiga yaxshi kayfiyat berdi. Odamlar nafaqat bayramlarda, balki boshqa kunlarda ham mana shunday go`zallikdan bahramand bo`lib turishi kerak.

An`anaviy Xalqaro gullar festivalida Pop tumani hokimligi shahar, tuman hokimliklari o`rtasida, viloyat Qurilish bosh boshqarmasi esa tashkilotlar va boshqarmalar orasida, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi "Avtoparadda eng yaxshi gulga bezatilgan avtomashina" sifatida, professional gulchi Obidxon Qodirov – "Eng yaxshi dizayner gulchi" nominasiyalari bo`yicha g`olib sifatida e`tirof etilib, “Neksiya 3” avtomashinalari bilan mukofotlandi.

Shuningdek, Jo`raxon Mo`minov "Eng yaxshi qadimiy gulchi sulola", Bekzod Tohirov "Eng yaxshi yosh gulchi", oliy o`quv yurtlari – NamDU, NamMQI, NamMTI "Eng yaxshi gul kompozisiyasi" uchun, Husanboy Nuriddinov "Eng yaxshi gulchilik maktabi", Farhod Jo`raev "Eng ko`p gul etishtirgan gulchi" nominasiyalari bo`yicha taqdirlanib, ularga 20 va 15 million so`mdan pul mukofotlari taqdim etildi.

Eng ulug`, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning 30 yilligi yaqinlashib kelmoqda. Ozod va obod, hur va mustaqil yurtga mana shunday bayramlar yarashadi. Xalqaro gullar festivali esa ushbu sanaga namanganliklarning o`ziga xos tuhfasi bo`ldi. Zero, poklik va go`zallik ramzi bo`lgan gullar har qanday bayramning bebaho nishonasidir.

Tantanali tadbirda O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a`zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1