AsosiyShou-biznes

Shuhrat Qayumov: “Bu yilgi konsertim oxirgisi bo`lishi mumkin”

Bir muddat avval: “Xonanda Shuhrat Qayumov konsertga tayyorgarlik ko`rish jarayonida salomatligi yomonlashib, shifoxonaga tushib qoldi”, mazmunidagi gap-so`zlar tarqalgan edi. 

22-23 mart kunlari “Istiqlol” san`at saroyida jonli konsert berishni rejalashtirgan Shuhrat Qayumov “salomatligi ko`tarmagani bois”konsertni fonogrammada o`tkazadi, degan gaplar nechog`lik to`g`riligini bilish maqsadida “Daryo” nashri xonandaning o`zi bilan bog`landi.

“To`g`risi, fonogramma qilishning iloji yo`q, chunki konsertda kuylaydigan qo`shiqlarimning fonogramma varianti yo`q. Hozir tayyorgarlik ko`rilmoqda, ammo hali ham yo`talim qolmagan, shamollashdan to`la tuzalmaganman. Bu oxirgi konsert dasturim bo`lishi mumkin edi. Ijodiy jamoamiz a`zolari: «Bu haqda aytmay turing», degani sababli ham shu vaqtgacha jim edim. Yana konsert beramanmi-yo`qmi, hali noma`lum. Ammo so`nggi konsertimni fonogramma bilan o`tkazib, sahnadan ketmoqchi emasman. Agar bu konsert dasturini fonogrammada o`tkazadigan bo`lsak, raqqosalar ham raqs tusha olmaydi. Sababi konsert repertuarining asosiy qismi yangi ijod namunalarimdan tuzilgan. Konsertni fonogrammada o`tkaza qolaylik, degan takliflar bo`lgani uchun shunday gaplar tarqalgan bo`lsa kerak. Konsertni jonli berishga so`nggi nafasimgacha, astoydil harakat qilaman”—dedi xonanda.

    Boshqa yangiliklar