Kecha 1 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoev Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga qilgan tashrifi chog`ida Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali olima va talaba qizlari bilan uchrashdi. Bu haqda uchrashuvda ishtirok etgan “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar bermoqda.
Suhbat davomida davlat rahbari fakultet olimlaridan anorchilik yo`nalishida mutaxassis tayyorlashda qaysi adabiyotlardan foydalanishlari, umuman, anorchilik bo`yicha O`zbekistonda qanday darslik va qo`llanmalar borligini so`radi. Tabiiyki, viloyatda anorchilik tajribasi avloddan avlodga o`tib kelyapti. Lekin bu tajribalar kitob shaklda “dasturulamal” sifatida chop etilmagan.
Shu sababli Surxondaryo viloyatining o`sish nuqtalaridan biri hisoblangan anorchilik yo`nalishini rivojlantirish maqsadida prezident ba`zi tavsiya va topshiriqlarni berdi. Jumladan:
- Anorchilik bo`yicha adabiyotlar, uslubiy qo`llanmalarni chop etish;
- Universitetning anorchilik yo`nalishida faoliyat yurituvchi ilmiy hodimlariga davlat grantlarini ajratish va bu orqali ularning anorchilik bo`yicha ilmiy tadqiqot olib borishlariga ko`maklashish;
- Ilmiy hodimlarni xorij davlatlarida o`qitish;
- Agrar universiteti filialiga Surxondaryoda qishloq xo`jaligini innovasion rivojlantirish bo`yicha boshqa nom berib, ushbu oliy ta`lim muassasasi faoliyatini tubdan o`zgartirish masalalari shular jumlasidan bo`ldi.
Qishloq anorchilarining aytishlaricha, tumanda 2016 yilgacha yiliga 12-13 ming tonna anor etishtirilgan. Mahsulot asosiy eksport qilinadigan Rossiya davlati bozorlarida Ozarbayjon “anorchilari” bilan raqobatlasha olishmagan. Sherobod tumaniga tomorqa erlarini sug`orish uchun suv keltirilishi hisobiga anorchilik bog`lari kengayib, hosildorlik bir necha barobarga oshgan. Rossiya bozorlarida endi bemalol Ozarbayjon bog`bonlari bilan raqobat qila olayotganlirini aytishdi. Prezident topshirig`iga ko`ra, agar anorchilik plantasiyalari 5 000 gektarga etkazilsa, hosildorlik 150 ming tonnaga etadi.
Mas`ullarga topshiriq berarkan, davlat rahbari Surxondaryoda anorchilik bilan birga xurmochilik va limonchilikni rivojlantirish zarurligini, buning uchun viloyat iqlimi juda qulayligi, davlat tomonidan qanday yordam kerak bo`lsa berilishini, bog`bon va ilmiy hodimlarga esa mehnatdan charchamasliklarini aytib, yaxshi bir maqol ham keltirib o`tdi - “Tepasi Xudodan, pasti bandadan!”






