Aktyor Javohir Zokirov rafiqasi Shahrizod G`ulom bilan qanday tanishgani haqida “Darakchi.uz” muxbiriga so`zlab berdi.
“Rafiqam bilan bir-birimizni bolaligimizdan beri yaxshi bilamiz. Maktabda o`qib yurgan kezlarimda u bilan yaqindan tanishishga, e`tiborini qozonishga harakat qilardim. Ammo u juda go`zal va mag`rur qiz edi. U o`qiydigan 17-maktabda do`stlarim o`qiganligi bois tez-tez maktabiga borib turardim. Yillar o`tdi, biz ham voyaga etdik. Oradan bir necha yil o`tgach, unga internet orqali xat yozdim. Undan javob keldi, shundan keyin tez-tez internet orqali xat yozishadigan bo`ldik. Ilk marotaba telefonda gaplashgan kunim bir umr yodimda qolgan, aynan shu kuni menga turmushga chiqishni taklif qildim. U taklifimni rad etmay, “O`ylab ko`raman” deb javob berdi. Men o`zimni qaysar desam, u mendan battar o`jar ekan, taklifimning javobini bir yil “o`yladi”. Mening Shahrizodam shunaqa, mana hozir bir qiz va ikki o`g`ilning ota-onasimiz. O`zimni dunyodagi eng baxtli erkaklardan biriman deb qo`rqmay ayta olaman. Sevimli rafiqam menga shirindan-shakar farzandlarni hadya etdi, o`zimni uning oldida bir umr qarzdor deb hisoblayman. Ammo bu qarzni umrim davomida ham uza olishimga ko`zim etmaydi.
Aziz ayollar, sizlarga tilagim shuki, oilangiz, sevimli insoningiz baxtiga doimo sog` va salomat bo`ling. Sizning har biringiz bunday baxtga loyiqsiz. Rafiqamga esa, har doim shunday go`zal bo`lib qolishini, hormay-tolmay, quvnoq yurishini tilayman. Har kuni yoningizda bo`lgan yaqinlaringiz sizlarni maqtovlarga ko`mib, kayfiyatingizni ko`tarsin. Asosiysi sizlarni muhabbat tark etmasin, har qancha injiqlik qilib asabingizga tegsak-da, biz yaqinlaringizni sevishdan to`xtamang. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch bo`lsin, qolgan narsalarga erishish qiyin ish emas”.





