Joriy yilning 2 iyun kuni Muynoq shahrida “Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylanadi” mavzusida OAV xodimlari uchun Media-tur tashkil etildi.
Ushbu tadbir O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi Respublika Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`alikni qisqartirish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar kengashi bilan hamkorlikda o`tkazildi.
Ma`lumki, joriy yil 18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisi bo`lib o`tdi.
Kun tartibiga birinchi masala sifatida O`zbekiston tomonidan taklif etilgan Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to`g`risidagi rezolyusiya loyihasini ko`rib chiqish kiritilgan edi.
Ushbu rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan. Hujjat BMTga a`zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma`qullandi.
O`zbekiston rahbarining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo`llab-quvvatlandi. Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlatlar mazkur rezolyusiyaga hammuallif sifatida ishtirok etgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Orolbo`yi Bosh Assambleya tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” singari yuqori maqom taqdim etilgan ilk mintaqa bo`ldi. BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyusiyasining qabul qilinishi yuqori texnologik innovasiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investisiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini majmuaviy qo`llash, cho`llashuv va ekologik migrasiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va rag`batlantiruvchi omillarni shakllantirish yo`lidagi sa`y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, hujjat mintaqaviy ustuvorlik, integrasiya va barqaror rivojlanishni qo`llab-quvvatlash bo`yicha BMT tizimidagi ixtisoslashgan agentliklar, jamg`armalar va dasturlarning amaliy harakatlarini hamda loyihalarini umumlashtirish va ular o`rtasidagi muvofiqlashuvni ta`minlashga xizmat qiladi.
Ta`kidlash zarurki, o`tgan 4 yil ichida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan aniq maqsad va vazifalarni o`zida jamlagan Farmon va qarorlar, tasdiqlangan dasturlar va ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpog`iston Respublikasida katta yutuqlarga erishildi.
Ushbu hujjatlar xalqimizning obod turmushini ta`minlash hamda ularga qulay shart-sharoit yaratish, iqtisodiyotimizni mustahkamlash, aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo`jaligi, ta`lim, tibbiyot, sport, madaniyat, umuman, barcha sohalarni yanada takomillashtirishga muhim asos bo`ldi.
Jurnalistlar aholining turmush darajasini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Prezidentimizning alohida e`tibori va tashabbusi bilan Orolbo`yidagi yashash sharoiti og`ir bo`lgan Mo`ynoq tumanida atigi ikki yilda amalga oshirilgan ishlarni keltirib o`tish kifoya. Xususan, tumanda 20 ta ko`p qavatli uy-joylar qurildi, 100 kilometr masofadan ichimlik suv olib kelindi. Ko`plab korxonalar, ijtimoiy ob`ektlar ishga tushirildi va yangilarini barpo etish davom etmoqda. “Mo`ynoq aeroporti” yangi loyiha asosida qaytadan qurildi.
Shuningdek, Hurmatli Prezidentimizning 2019 yilda Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi davomida ushbu elning yana bir orzusi ushalib, Bo`zatov tumani tashkil etildi. Nafaqat tashkil etildi, balki bir yil ichida butunlay o`zgacha ko`rinishda namoyon bo`ldi. Zamonaviy imoratlar, sport inshootlari, ravon yo`llar — Bo`zatov xalqi uchun haqiqiy tuhfa bo`ldi. Shuningdek, eng olis va chekka Taxtako`pir tumanida ham keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, hudud yangi qiyofa kasb etdi. OAV vakillari huddudagi bu o`zgarishlarni meda-tur doirasida guvohi bo`lishdi.






