Poytaxtda istiqomat qiluvchi Mavluda Mamadiyorova (ism-shariflar o`zgartirildi) tunda aloq-chaloq tushlar ko`rib, bosinqirab chiqdi. Tushida o`tib ketgan yaqinlari bezovta qiyofada gavdalangan bo`lsa, akasi Shokir sirli ko`rinishda namoyon bo`ldi. Shundan so`ng u Jizzax shahrida yolg`iz yashovchi akasidan xavotir olib, unga bir necha marotaba qo`ng`iroq qildi.
Biroq aka javob bermadi. Bundan xavotiri yanada ortgan singil jiyani Eraliga qo`ng`iroq qilib, akasining uyidan xabar olishni tayinladi.
Erali eshik qo`ng`irog`ini qayta-qayta bossa-da, ichkaridan javob bo`lmadi.
Qo`ni-qo`shnilar ham Shokirni ko`rishmaganini ma`lum qilishgach, hudud profilaktika inspektori va qarindoshlariga Shokirning yo`qolib qolgani haqida xabar berdi.
O`sha kuniyoq profilaktika inspektori hamda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari deraza orqali uyga kirishdi. Ammo ichkarida hech kim yo`q edi.
Xolislar ishtirokida xonadon ko`zdan kechirilganda Shahboz Eshqulovning Shokir Mamadiyorovdan qarzga pul olgani to`g`risida yozilgan ikkita tilxat borligi ayon bo`ldi. Bundan tashqari uy egasining yon daftarchasida kimlarga qachon, qancha miqdorda qarz bergani ham qayd etilgan ekan.
Kap-katta erkak igna emaski, erga tushib yo`qolib qolsa… U qaerda bo`lishi mumkin?
Qarz olingani to`g`risidagi ikkita tilxat va yon daftarchadan boshqa shubha-gumonga asos bo`luvchi dalil yo`q edi.
Sh. Mamadiyorov Jizzax shahridagi maktabgacha ta`lim muassasalaridan birida jismoniy tarbiya murabbiysi vazifasida ishlab, oyiga yigirma foiz ustama qo`shib to`lash sharti bilan odamlarga qarzga pul berib kelgan.
Sh. Mamadiyorov har kuni tunda soat ikkidan to`rtgacha yugurish mashqlari bilan shug`ullangan. Ana shu jihatlar izquvarlarning e`tiborini tortdi.
Ular yugurish mashqi bir yo`nalishda, aniq manzillar oralig`ida bajarilgan bo`lish haqida taxmin qilishdi. Yo`l chetidagi madaniy-maishiy, savdo va umumiy ovqatlanish binolari peshtoqiga o`rnatilgan kuzatuv kameralarida tasviri tushgan bo`lishi inobatga olinib, kuzatuv kameralaridagi vieoyozuvlar o`rganila boshlandi…
Elmurod bilan Shahboz bir sinfda o`qib, bitta mahallada katta bo`lishgan.
Ikkovi ham boshida kirakashlik bilan shug`ullangan. Keyinchalik Shahboz «Zebo» savdo markazidagi maishiy-texnika jihozlari do`konlarining biriga ishga kirgan edi.
Shahboz Elmuroddan 6 million 200 ming so`m qarzdor bo`lgan. Elmurod Shahbozning yana bir sinfdoshi Ahror Samandarovdan ham 10 million so`m qarzdor ekanidan xabardor edi.
Shokirni qidirish va surishtiruv o`tkazish boshlangan kundan to`rt kun avval tong chog`i soat uch-u qirq beshdan to`rt-u o`ttiz to`rtgacha bo`lgan vaqt oralig`ida Shahboz Eshqulovdan sinfdoshi Elmurodning qo`l telefoniga ketma-ket sakkizta elektron xabarnoma keladi.
— «Tupikka kelib tiqildim, jo`ra», — deyilgandi oxirgi «SMS»da. — Ertalab o`zim profilaktika inspektoriga borib, hammasini aytib beraman. Busiz ham qamalib ketishim aniq, boshqa gapirolmayman, meni kechir».
«Pul — qo`lning kiri, bugun bor, ertaga yo`q, — deb ko`nglidan kechiradi Elmurod. — Vaqti kelib qarzini qaytaradi-da»…
Aslida u bundan atigi bir necha soat avval Shahboz Shokir Mamadiyorovni qasddan o`ldirib, o`zini kutayotgan muqarrar jazo talvasasida xabarlar yozganidan mutlaqo bexabar edi…
Kunlarning birida Shahboz eski tanishi Doniyor Husanov bilan uchrashib qoladi va unga Jizzaxning «Eski shahar buyum bozori»dan kelin liboslari ijarasi bilan shug`ullanuvchi do`kon ochishni rejalashtirayotgani, buning uchun foizga bo`lsa ham, pul kerakligini aytadi.
— Foizga pul beradigan bir tanishim bor, — deydi Doniyor. — U bilan uchrashtiraman. Lekin qarzning foizlarini vaqtida to`lab turishing shart.
O`sha kuni Doniyor Shahbozni Shokirning uyiga boshlab boradi. Shokir har oyiga yigirma foizdan ustamasi bilan qarz berishga rozilik bildiradi.
O`z navbatida, Shahboz «Men Shokir akadan 3 million so`m 20 foizdan pul qarzga oldim» degan mazmunda tilxat yozib beradi.
Oradan ikki oy o`tgach, Shahboz Shokirdan yana 3 million so`m qarz oladi. Bu gal u «Men Shokir akadan foizga 6 million so`m oldim» deya tilxat yozadi.
Lekin shundan so`ng ham Shahbozning ishi yurishmaydi va u Shokirdan 16 million 500 ming so`m qarzdor bo`ladi.
Qarzini qaytarishning yo`lini topolmayotgan, Shokirning qistovlaridan bezor bo`lgan Shahboz Eshqulovning miyasiga kutilmaganda yalt etgan mudhish bir fikr kechadi: «Shokirni o`ldirish kerak!»…
Ichki ishlar xodimlari kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlarni o`rganish chog`ida shaharning Islom Karimov nomidagi shoh ko`chasi va «Orom bozori» yo`nalishida yugurib borayotgan Sh. Mamadiyorovning tasvirini topishga muvaffaq bo`lishdi. Kuzatuv davomida 8 iyul kuni tunda, soat ikkilarda ana shu shoh ko`chada uning ortidan yana bir kishi ergashgani ham videoyozuvda qayd etilgan ekan. Bu Shahboz Eshqulov edi.
Yugurib ketayotgan Sh. Mamadiyorov o`zining ortidan ajal quvib kelayotgani, bir necha lahzalardan so`ng hayotiga tajovuz qilishidan umuman bexabar edi.
Uni izma-iz ta`qib qilib, etib olgan Sh. Eshqulov o`ng qo`lidagi tosh bilan boshining orqa tomoni va ensa sohasiga zarb bilan uradi. Kutilmagan zarbalar natijasida Shokir yo`l chetidagi beton ariqqa yiqiladi.
Shahboz qo`lidagi toshni otib yuborib, Shokirni beton ariqdan chiqaradi hamda chap qovurg`a va umurtqa sohasiga bir necha marta tepadi. So`ngra yo`l yoqasidagi chuqurga boshini pastga qaratgancha tashlab yuboradi. Sanoqli soniyalardan so`ng Shokirning joni uziladi.
Tergov va sudda ma`lum bo`lishicha, Sh. Eshqulov 16 million 500 ming so`m qarzni to`lamaslik maqsadida Sh. Mamadiyorovni qasddan o`ldirish rejasini tuzgan. Sh. Mamadiyorovning muntazam sport bilan shug`ullanishi, doimo yuguradigan yo`nalishi va vaqtini oldindan bilgan. Qabih rejasini amalga oshirishga xuddi shu qulay pallani tanlagan.
Tergovda Shahboz aybini to`liq tan oldi, hodisa sodir bo`lgan joyni o`zi ko`rsatdi. Voqea joyidan Sh. Mamadiyorovning qon dog`i tekkan tosh va unga yopishib qolgan soch tolalari ham topildi.
Tongda mudhish hodisadan bexabar quruvchilar o`ralarni texnika bilan tekislab, yo`lga asfalt yotqizishgan. Shu tariqa Sh. Mamadiyorovning jasadi ko`milib ketgan. Sh. Eshqulovning ko`rsatmasiga muvofiq yo`l cheti qayta kavlanganida u erdan Sh. Mamadiyorovning jasadi chiqdi…
Sudda Sh. Eshqulovning aybi to`liq isbotlandi. Sud uni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «i» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan o`n olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Xulosa o`rnida bir mulohazani aytib o`tish joizki, Shahboz Eshqulov halol mehnat qilib, ishni to`g`ri rejalashtirilganda qarz botqog`iga botmagan va mudhish jinoyatga qo`l urmagan bo`lardi.
Endi u umrining navqiron pallalarini panjara ortida o`tkazadi. Bu uning mudhish qilmishiga yarasha tayinlangan muqarrar jazodir.






