“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi hodimlari tomonidan yaqinda respublika hududiga havo yo`llari orqali qalbaki valyutalarni olib kirishga bo`lgan urinishlarning oldi olindi.
Jumladan, poytaxt aeroportida "Istambul-Olm-ota-Toshkent" yo`nalishi bo`yicha uchib kelgan yo`lovchilardan biri bojxona nazoratidan yashil yo`lak orqali harakatlanayotib, bojxona xodimlarining diqqatini tortadi.
Shundan so`ng, ushbu shaxsning bagaji belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, bagajdagi sochiqlar orasida 5000 AQSh dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyuta borligi aniqlandi. Ammo, mazkur valyutalarning haqiqiyligi bojxona xodimlarida shubha uyg`otdi. Bir qarashda haqiqiydek tuyulgan kupyuralarning barchasi qalbaki bo`lib, buni qalbaki kupyuralarni aniqlashga ixtisoslashgan valyuta detektori ham tasdiqladi. Eng qizig`i shundaki, kupyuralarning aksariyatida seriya raqamlari ham bir xil bo`lgan.
Shu kuni tezkor tadbir xalqaro aeroport avtoturargoxida va Yashnobod tumanida davom ettirilib, mazkur qalbaki valyutalarni qabul qilib, egasiga etkazishi lozim bo`lgan shaxslar ham ketma-ket qo`lga olindi.
Qarangki, ulardan birining boshqaruvidagi “Lasetti” markasidagi avtotransport vositasini ko`zdan kechirish davomida, old yo`lovchi o`rindig`i ostida yana soxta 5000 AQSh dollari borligi aniqlandi.
Nihoyat, poytaxtimizning Yunusobod tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur qalbaki valyutalarning haqiqiy egasi ularni qabul qilib olayotgan vaqtida fosh qilindi.
Hozirda soxta dollarlar ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






