“Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF–6240, 02.06.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Farmon bilan Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O`zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etildi.
Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 sentyabrdan ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo`lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklarasiyalash yo`li bilan amalga oshiriladi.
2021 yil 1 noyabrdan:
- xavflilik darajasi yuqori bo`lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro`yxatidan o`tkazgandan so`ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan o`z ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan me`yorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi;
- xavflilik darajasi yuqori bo`lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni O`zbekiston rezidenti hisoblangan akkreditasiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qat`i nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda 24 oy davomida import qilishga ruxsat etiladi.
- 2021 yil 1 sentyabrdan mahsulotlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida va texnik reglamentlarda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi yoki olib kiruvchi tomonidan rioya etilmagan hollarda yuridik shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan so`ng birinchi marta sodir etilganda – realizasiya qilingan mahsulot qiymatining 50 foizigacha miqdorda moliyaviy jarima qo`llaniladi.
Shuningdek, qonunchilik hujjatlari, texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning majburiy talablari, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalari buzilgan hollarda mansabdor shaxslarga, huquqbuzarlik ogohlantirishdan so`ng birinchi marta sodir etilganda – BHMning 40 baravarigacha miqdorda ma`muriy jarima ta`sir chorasi belgilandi.






