Hukumat qarori (344-son, 03.06.2021 y.) bilan Oliy ta`lim muassasalari talabalariga akademik ta`til berish to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Nizomga ko`ra, OTM talabalariga akademik ta`til quyidagi hollarda berilishi mumkin:
- harbiy xizmatni o`tash uchun;
- salomatligini tiklash uchun;
- homiladorlik va tug`ish uchun;
- bolalarni parvarish qilish uchun;
- oilasining betob a`zosini (otasi, onasi yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar, turmush o`rtog`i, farzandi) parvarish qilish uchun.
Talabaning akademik ta`til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko`rib chiqiladi hamda OTM rektori (direktori)ning buyrug`i bilan rasmiylashtiriladi.
Akademik ta`til beriladigan talabalar arizasiga (ixtiyoriga) ko`ra OTM rektori (direktori)ning buyrug`iga muvofiq, uning o`qishi akademik ta`til muddatiga ta`limning sirtqi yoki masofaviy yoki eksternat ta`lim shakliga o`tkazilishi mumkin.
Talabaga akademik ta`til berilishi uni oliy ta`lim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi.
Talabalarga akademik ta`til davrida stipendiyalar to`lanmaydi.
Akademik ta`tildan belgilangan muddatda qaytgan talabalarga ilgari o`zlashtirilgan fanlarni qayta o`zlashtirish majburiyati yuklatilmaydi.