AsosiyJamiyat

Voyaga etmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilari tayinlanadi

'Voyaga etmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilari tayinlanadi'ning rasmi

Hukumat qarori bilan Voyaga etmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.

 Nizomga ko`ra, jamoat tarbiyachilarining asosiy vazifasi nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga etmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek, ota-onasiga (yoki o`rnini bosuvchi shaxslarga) voyaga etmagan shaxslarni tarbiyalashda yordam ko`rsatishdan iborat.

 Voyaga etmagan shaxslarning jamoat tarbiyachisi:

● 30 yoshga to`lgan;

● voyaga etmaganlar bilan kamida ikki yil ishlash tajribasiga ega;

● hayotiy tajribasi va axloqiy fazilatlari bilan voyaga etmaganlarga ijobiy ta`sir eta oladigan O`zbekiston fuqarosi bo`lishi kerak.

Voyaga etmagan qizlarga ayol jinsiga mansub jamoat tarbiyachilari tayinlanadi.

Jamoat tarbiyachisini tanlash va tayinlash haqidagi qaror Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha tuman (shahar) idoralararo komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

Quyidagi voyaga etmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilari tayinlanishi mumkin:

  •  sud tomonidan majburlov choralari qo`llanilgan yoki ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan;
  •  ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan;
  •  ixtisoslashtirilgan o`quv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni o`tagan;
  •  nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga etmaganlar;
  • bolani tarbiyalashda yordamga muhtoj oilalarning voyaga etmagan farzandlari.

Yuklatilgan vazifalarni faol va vijdonan bajargan hamda ijobiy natijalarga erishgan jamoat tarbiyachilari BHMhning 5 baravarigacha (1 mln 225 ming so`mgacha) miqdorda bitta voyaga etmagan shaxs uchun bir martalik pul mukofoti bilan rag`batlantirilishi mumkin.

Voyaga etmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi 3 oygacha muddatga tayinlanadi. Ushbu muddat Komissiya tomonidan jamoat tarbiyachisining hisobotini eshitish natijalariga ko`ra, bir marotaba ko`pi bilan uch oygacha uzaytirilishi mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar