2021 yil 3 iyunda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta`lim muassasalariga qo`shimcha davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o`qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020 yil 23 iyundagi 402-son qaroriga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida” gi №338-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, Respublika oliy ta`lim muassasalariga ajratilgan qo`shimcha davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari doirasida oliy ma`lumot olish istagida bo`lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
— kam ta`minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta`minlangan oila deganda, oilaning har bir a`zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko`p bo`lmagan miqdorda to`g`ri keladigan bir oylik o`rtacha jami daromadga ega bo`lgan oila tushuniladi;
— to`liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya`ni otasi yoki onasi yohud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
— turmush o`rtog`i vafot etgan, voyaga etmagan farzandini yolg`iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
— nogironligi bo`lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
— ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg`iz ayollarning qiz farzandlari;
— ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo`lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Oilaning ehtiyojmandlik darajasini “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar to`g`risidagi ma`lumotlar orqali aniqlash tartibi joriy etildi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar o`z arizalarini aziz-ayol.uz saytiga elektron shaklda joriy yilning 8 iyunga qadar topshirishlari lozim (8 iyun kuni ham).






