Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda iste`molchilar tomonidan elektr energiyasi ta`minotidagi uzilishlar kuzatilyotgani to`g`risida murojaatlar bo`lmoqda.
Energetika vazirligi Axborot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova elektr energiyasi ta`minotidagi qisqa muddatli uzilishlar yuzasidan tushuntirish berdi
"Ma`lumki, joriy yilning 1 iyundan 3 iyunga qadar mamlakatimizning ayrim hududlarida qattiq shamol esishi natijasida daraxt shoxlarining sinishi va ayrim ko`p qavatli binolar tom qismining ko`chishi natijasida elektr uzatish tarmoqlarining shikastlanishiga olib keldi.
Bundan tashqari, shu kunlarda havo haroratining isib ketishi natijasida ayrim joylardagi transformator punktlarida iste`mol yuklamasi ortishi kuzatilib nosozliklar kelib chiqmoqda.
Hozirda hududlar bo`ylab joylardagi hududiy elektr ta`minoti korxonalari mutaxassislari tomonidan avariyaga qarshi brigadalar tashkil etilgan bo`lib, yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi kunda 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko`rish maqsadida issiqlik elektr stansiyalari, elektr uzatish tarmoqlari va gaz ta`minoti tizimida modernizasiya va rekonstruksiya ishlari olib berilmoqda. Ushbu ishlarni xavfsiz bajarish maqsadida reja-grafik asosida elektr va gaz ta`minotini tarmoqdan ajratgan holda amalga oshirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, elektr energiyasi ta`minoti bilan bog`lik masalalar bo`yicha 1154 hamda gaz ta`minoti masalalari bo`yicha 1104 qisqa raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin", - deyiladi rasmiy xabarda.






